Janubiy Koreya Prezidenti o‘zbekistonlik vazir Shinni mukofotladi
Jamiyat
−
11 noyabr 2020
7794O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin Koreya Respublikasining “Diplomatik xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Uni ushbu mukofot bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmon Prezident Mun Chje In tomonidan imzolangan. Kecha, 10 noyabr kuni Agrippina Shinga ushbu ordenni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Argippina Shin o‘z nutqida Koreya Respublikasi ko‘p yillar davomida O‘zbekistonning asosiy sheriklaridan biri, yirik sarmoyador, O‘zbekistonda iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlarning ishtirokchisi sifatida qaralayotganini ta’kidladi.
Marosimda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, Mudofaa bo‘yicha attashe Park An So, ikkinchi kotib xonim Kan Ji U, ikkinchi kotib Gu Gvan Il, konsul janob Kim Mun Chje, O‘zbekiston Respublikasi Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov, Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, MTV Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etgan.
“Birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni kengaytirish va mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Koreya Respublikasi Prezidentining eng yuqori mukofoti bilan taqdirlanish men uchun katta sharafdir. Ushbu mukofot mening kelajakdagi faoliyatim uchun yana bir turtki bo‘ladi. Men bundan keyin ham ikki mamlakat ravnaqi, O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini kengaytirishga o‘z hissamni qo‘shishga tayyorman”, deydi vazir Shin.
Ma’lumot o‘rnida, “Diplomatik xizmatlari uchun” ordeni 1963 yil 25 iyulda mamlakat fuqarolarini va chet elliklarni diplomatik sohadagi xizmatlari uchun, shuningdek, mamlakatning chet eldagi obro‘sini oshirgani, xalqaro hamkorlik va do‘stlikka qo‘shgan hissasi uchun mukofotlash maqsadida ta’sis etilgan.