Jamoat transportida yo‘lkira bank kartasida to‘lansa ham 1700 so‘m bo‘ladi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2023
6813Poytaxtda jamoat transporti uchun to‘lov narxlari joriy yil 1 noyabrdan 2000 so‘mga oshirilishi haqida xabar berilgan edi. Bunda yo‘l haqi dastlab naqd pul va bank kartalari orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilandi.
Biroq bugun, 31 oktyabr kuni “Toshshahartransxizmat” AJ poytaxt jamoat transportida yangi, qo‘shimcha va rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etilayotgani, bunda yo‘lovchilar to‘lovni bank kartalari orqali amalga oshirgan taqdirda ham ATTO transport kartalaridagi kabi 1700 so‘m yechib olinishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari va bank kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilangan.
“Yo‘lovchilar ATTO transport kartalarini ishlatgan holda bir soat ichida ikkinchi marotaba avtobusdan foydalansa, yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘laydi. Bir soat davomida yo‘lovchilar avtobusdan uchinchi va to‘rtinchi marotaba ma’lum bir manzilga harakatlanishi esa mutlaqo bepul bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan “Toshshahartransxizmat”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda jamoat transport vositalarida harakatlanish narxi 2000 so‘mgacha ko‘tarilishi haqida xabarlar tarqaldi. Ammo Transport vazirligi bu xabarlar Toshkent shahar hokimining qarori loyihasida keltirilgan ma’lumotlar asosida tarqalgani va hali tasdiqlanmaganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi