Jakartada 3 global kuch vazirlari yig‘ildi
Olam
−
13 iyul 2023
7527Kecha, 12 iyul kuni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) yig‘ilishi doirasida Indoneziya Tashqi ishlar vaziri Retno Marsudi Xitoy va Rossiya bosh diplomatlari Van I va Sergey Lavrov bilan Jakartada uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Jakarta Globe” xabar berdi.
Vang I sog‘lig‘i sababli Jakartaga kela olmagan Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang nomidan muloqotga kirishgan. U ilgari Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan va hozirda Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasini boshqaradi.
Muloqotda jahon bozorlaridagi inqiroz tendensiyalari sharoitida oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilingan.
"Indoneziya har kim bilan muloqot qilish uchun ochiq. Ammo shu bilan birga, Indoneziya xalqaro qonunlar, shuningdek, BMT Nizomi qadriyatlari va tamoyillarini qo‘llash bilan bog‘liq masalalarda juda qat’iy va izchil", degan Retno uch tomonlama muzokaralardan ko‘p o‘tmay jurnalistlarga.
Bundan tashqari, Jakartada Avstraliya, Hindiston va Indoneziya Tashqi ishlar vazirlari orasida ham uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Retnoning so‘zlariga ko‘ra, ikkita uch tomonlama muloqotda mamlakatlarning ASEAN bilan munosabatlariga urg‘u berilgan, to‘rt vazir ham ASEAN’ning markazlashuvini, shuningdek, Indoneziyaning Janubi-Sharqiy Osiyo blokidagi raisligini qo‘llab-quvvatlagan.
Bugun, 13 iyul kuni esa Jakartaga kelgan barcha Tashqi ishlar vazirlari ASEAN sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan. Masalan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning hindistonlik mavqedoshi Subramanyam Jayshankar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv allaqachon o‘tkazilgan.
“Biz ikki tomonlama iqtisodiy masalalarni, shuningdek, Ukrainadagi mojaroga oid masalalarni muhokama qildik”, deb yozgan Jayshankar Twitter’dagi sahifasida.
Xitoy delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Van I ham Lavrov bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgan. Endilikda u AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12-14 iyul kunlari Indoneziya poytaxti Jakartada ASEAN’ning Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. ASEAN 1967 yil avgustda tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi barcha sohalarda hamkorlik qilish, Janubi-Sharqiy Osiyoda tinchlikni mustahkamlash va barqarorlik yaratishdir. Tashkilotga Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Bruney, Vetnam, Laos, Myanma va Kambodja a’zo hisoblanadi. 2023 yildagi vazirlar uchrashuvlarida yaqin kelajakda ASEAN’ning o‘n birinchi a’zo davlati bo‘lishga tayyorlanayotgan Sharqiy Timor delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Xitoy, Rossiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya mintaqaviy blokning to‘liq muloqot bo‘yicha hamkorlaridir. Braziliya, Norvegiya, Pokiston, Shveysariya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari esa ASEAN’ning "tarmoqli" muloqot bo‘yicha hamkorlaridir.
LiveBarchasi