Jabrdiyda aslida kim: ruhiy xastalikmi yoki jinoyatchilik?
Tahlil
−
27 may 2025 5660 5 daqiqa
1 may kuni Denov bozorida ayol onasi bilan ketayotgan 3 yoshli qizaloqqa pichoq urdi. Qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Oradan uch haftaga yaqin vaqt o‘tib, 19 may kuni Yunusobod bozorida erkak post patrul xizmati xodimini pichoqladi. Xodimga tez yordam ko‘rsatilib, hayoti saqlab qolindi.
Jinoyat sodir etgan har ikki shaxsda umumlashtiruvchi bir jihat mavjud. Ya’ni, ular ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgan.
Mazkur voqealar odamlarda “ruhiy xasta insonlar qanday erkin yuribdi?”, “ularga qanday chora ko‘riladi?”, “ko‘cha-ko‘yda shunday xavfli insonlar ko‘pmi?” degan turli e’tiroz va savollar paydo qildi. Maqolada mazkur savollar yuzasidan mutaxassislar javobi va xalqaro ruhiy holat haqida atroflicha so‘z boradi.
Psixiatr Zebiniso Ahmedovaning QALAMPIR.UZ’ga aytishicha, ruhiy kasallikka chalingan inson jinoyatchi bo‘lmaydi, ammo ayrim psixiatrik buzilishlar jinoyat sodir etish xavfini oshiradi.
- Antisotsial shaxsiyat buzilishi (sotsiopatiya va psixopatiya)da: rejalashtirilgan va og‘ir jinoyatlar, qonun va ijtimoiy qoidalarga bo‘ysunmaslik;
- Paranoid shizofreniya yoki zo‘ravon gallyutsinatsiyalar bilan kechuvchi psixozda: turli buyruq gallyutsinatsiyalariga bo‘ysunib qotillik yoki hujum kabi og‘ir jinoyat sodir etish;
- Bipolyar affektiv buzilish (manik faza)da: tajovuzkor va nazoratsiz harakatlar, urush-janjal, zo‘ravonlik;
- Dissotsiativ buzilishlar (shaxsning bo‘linishi)da: shaxsiyatdagi biror ruhiy holat oqibatida jinoyatlar xavfi oshadi.

Yuqorida sanab o‘tilganlarning barchasida shaxsning o‘zi yoki birovga xavf tug‘dirishi, xatti-harakatlarini nazorat qila olmasligi va tibbiy komissiya xulosasi kabilarga tayangan holda majburiy davolanish tayinlanishi mumkin.
“Agar ruhiy kasallikka chalingan inson to‘liq nazoratda bo‘lib, dorilarini doimiy ichsa, atrofdagilarga xavf tug‘dirmasa, ijtimoiy faoliyati va harakati barqaror bo‘lib, psixiatr nazorati ostida bo‘lsa, u holda bu inson erkin yurishi mumkin”, deydi psixiatr.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, psixopatiya irsiyat orqali qondan-qonga o‘tuvchi ruhiy og‘ishish holatidir. Bunday odamlarda mehr yoki rahm tuyg‘ulari bo‘lmaydi, ular o‘zlarini haq deb hisoblaydi va boshqalarni ham bo‘ysundirishga harakat qiladi. Sotsiopatiya esa irsiyat orqali o‘tmaydigan, inson hayoti davomida orttirilgan ruhiy og‘ishishdir. Bunday insonlar oilada qattiq zo‘ravonlikka uchragani oqibatida nafrat tuyg‘usiga to‘lib, berahm va beshafqat hamda odamlarni yomon ko‘radigan bo‘lib qoladi.
Zebiniso Ahmedovaning aytishicha, psixopat va sotsiopatlarning ko‘pchiligi o‘zini nazorat qila olmasligi tufayli jinoyatlarga qo‘l uradi. Psixopatlar buni asosan rejali ravishda qilsa, sotsiopatlar o‘zini boshqara olmaslikdan sodir qiladi.
“Har ikki holatda ham ruhiy buzilish namoyon bo‘lsa-da, ular jinoyatiga javob beruvchi insonlar sanaladi. Ya’ni, sud-psixiatriya ekspertizasida kishi harakatlarini ongli ravishda amalga oshirgani aniqlansa, psixopat va sotsiopat shaxslar qilgan ishiga javob beradi”, deydi psixiatr Ahmedova.
Qonunchilik nima deydi?
O‘zbekistonda ruhiy nosog‘lom shaxslar jinoyat sodir etganida, ularga nisbatan umumiy jinoyat qonunchiligi bilan emas, balki maxsus tartibda yondashiladi. Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonun asosida belgilanadi. Xususan, mamlakat Jinoyat kodeksining 18-moddasida aqli noraso shaxslarning jazolanmasligi haqida so‘z boradi.
“Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan, ya’ni ruhiy holati surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud ruhiy holati boshqacha tarzda buzilgani sababli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi”, deyiladi moddada.
Shuningdek, aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkinligi ta’kidlangan.
Kodeksning 181-moddasida jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilgani tufayli o‘z harakatlarining ahamiyatini to‘liq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan aqli raso shaxs javobgarlikka tortilishi belgilangan.
“Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida ruhiy holati buzilgan shaxslar Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan fuqarolarning barcha huquq va erkinliklariga ega ekani aytiladi. Shuningdek, mazkur qonunning 16-moddasida ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari sud qaroriga ko‘ra qo‘llanilishi ta’kidlangan. Qolaversa, 30-moddada psixiatriya statsionariga yotqizish uchun shaxsda ruhiy holat buzilishi mavjudligi va shifokor-psixiatrning tekshiruvdan o‘tkazish yoki davolash to‘g‘risidagi qarori yoxud sud qarori asos bo‘lishi aytiladi.
Qonunning 31-moddasiga ko‘ra, ruhiy nosog‘lom shaxslarning o‘zi yoki atrofdagilar uchun bevosita xavf solish ehtimoli mavjud bo‘lgan hollarda bu shaxs o‘zi yoki qonuniy vakili roziligisiz, sud qarori chiqarilmasidanoq psixiatriya statsionariga yotqizilishi mumkin.
Dunyo aholisining har 8 nafaridan biri ruhiy xastaliklar iskanjasida
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda dunyoda har 8 kishidan biri (970 million kishi) ruhiy kasallik bilan yashagan. 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli bu ko‘rsatkich keskin oshgan. Dastlabki tadqiqotlar bir yil ichida xavotir 26 foiz, chuqur depressiya esa 28 foizga oshganini ko‘rsatgan.
2019 yilda dunyo bo‘ylab:
- 301 million odam haddan tashqari qo‘rquv va u bilan bog‘liq xatti-harakatlar bilan tavsiflanuvchi xavotir kasalliklaridan;
- 280 million odam uzoq davom etuvchi hissiy depressiyadan;
- 40 million kishi qarshilik ko‘rsatuvchi buyruqqa bo‘ysunmaslik, ya’ni boshqalarning huquqi yoki ijtimoiy qoidalar va qonunlarni buzuvchi xatti-harakatlar bilan tasniflanuvchi dissotsial xulq buzilishidan;
- 40 million kishi depressiv holatlar va manik (yuqori ruhiy) epizodlarning almashinuvi bilan kechuvchi bipolyar buzilishdan aziyat chekkan.

Hozirga kelib dunyo bo‘yicha 24 million kishi sezgi, tafakkur va xulq-atvorda chuqur buzilishlar bilan tavsiflanuvchi shizofreniya bilan kasallangan. Bu har 300 kishidan biri demakdir. Mazkur kasallikka chalinganlarning umr davomiyligi umumiy aholiga nisbatan 10-20 yilga qisqaroq.
Mavzuga doir manbalar o‘rganilganida ruhiy nosog‘lom shaxslar sodir etgan dahshatli jinoyat ishlari uchrab tursa-da, asosan ular jinoyat qurboni bo‘lishi oydinlashadi. Tashqi qabul qilinmaslik va kamsitilish hissiyoti irsiyatida moyillik mavjud aqli noraso shaxslar ruhiyati o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ayanchli voqealar ketma-ketligi yondashuvni o‘zgartirish vaqti kelganini anglatadi.