Jahon yetakchilari “D kuni”ning 80 yilligiga yig‘ilyapti

Olam

image

Faxriylar va jahon yetakchilari 6 iyun kuni Fransiyaning shimoli-g‘arbidagi Normandiya shahrida 1944 yildagi “D kuni”ning 80 yilligini nishonlash uchun uchrashadi. Mehmonlar orasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bo‘ladi. 2022 yilda Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirib, ikkinchi jahon urushidan beri Yevropadagi eng yirik qurolli mojaroni boshlagan Rossiya mazkur tadbirga taklif etilmagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ikkinchi Jahon urushi payti mazkur voqea (D kuni)da 150 000 dan ortiq ittifoqchi qo‘shinlar natsist nemis kuchlarini quvib chiqarish uchun Fransiyaga kirib borgan. Sakson yil o‘tganiga qaramay, Normandiya plyajlari va dalalarida “D kuni”da boshlangan janglarning izlari saqlanib qolmoqda.

Tirik qolgan britaniyalik, amerikalik, kanadalik va fransuz faxriylari soni kamayib bormoqda, ularning aksariyati 100 yosh va undan katta. Bu ularning ayrimlari uchun Normandiyaning shamolli plyajlaridagi so‘nggi yirik marosimlardan biri bo‘lishi mumkin.

4500 ga yaqin mehmonlar, jumladan, 200 ga yaqin faxriylar, asosan AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada va Fransiyadan kelishi kutilmoqda. Ular orasida AQSH armiyasining 101 yoshli faxriysi Jeyk Larson ham bo‘ladi. AQSH Prezidenti Jo Bayden 5-9 iyun kunlari davlat tashrifi bilan Fransiyada bo‘ladi. U ittifoqchi kuchlarning qahramonligi va demokratiyaga tahdid solayotganlar haqida ma’ruza qilishi kutilmoqda.

Mehmonlar orasida Zelenskiy, shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Shols, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo va Britaniya qiroli Charlz, qirolicha Kamilla va shahzoda Uilyam ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Jahon etakchilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing