Jeenbekov Japarovdan boyroq. Sobiq Prezidentning mol-mulki sarhisob qilindi

Olam

image

Soliq xizmati Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning 2020 yilgi daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etdi. U o‘tgan yil davomida 944 ming 138 som (11 131 dollar) daromad olgan. Bu haqda “24.kg” nashri xabar bermoqda.

Deklaratsiya Jeenbekovning daromadlari haqida ma’lum qilgan, biroq harajatlari haqida so‘z ochmagan.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Jeenbekov umumiy maydoni 47,2 gektar bo‘lgan 21 ta qishloq xo‘jaligi yerlari, 0,1 gektar tomorqa yer uchastkasi, 160 kvadrat metr uy-joy va MTZ-80 rusumli traktorga ega.

Sobiq davlat rahbarining eng yaqin qarindoshlari 2020 yilda 6,5 million som (76 634 dollar) daromad orttirgan. Ularning mulki 64 kvadrat metr bo‘lgan kvartira, umumiy maydoni 24,66 gektar bo‘lgan 11 ta qishloq xo‘jaligi tomorqasi va ikkita ishlab chiqarish binosidan iborat. Bundan tashqari, Jeenbekovning qarindoshlarida Lexus-470 rusumli avtomobil, qoramol va otlar ham bor.

Avvalroq, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2020 yilda 247 ming 953 som (qariyb 3 ming dollar) ishlab topgani haqida xabar bergandik.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. 

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.  

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

388

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing