“Zelya, erkak bo‘l”. Qodirov Zelenskiyga haqoratomuz javob qaytardi
Olam
−
08 yanvar 16069 2 daqiqa
Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSH Checheniston rahbariga nisbatan Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroga o‘xshash choralar ko‘rishi kerakligi haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirdi. U bu haqda o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qodirov Ukraina rahbarini hibsga olish operatsiyasini o‘zi bajarmay, birovdan so‘raganini tanqid qilib, ushbu hatti-harakatlar “erkakchilikka” to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Qodirovning ta’kidlashicha, Ukraina tomonining AQSHdan uni o‘g‘irlab ketish bo‘yicha yordam so‘rashi qo‘rqoqlik va ojizlik belgisidir.
- “Masxaraboz AQSH hukumatiga meni o‘g‘irlashni taklif qilmoqda. E’tibor bering, buni erkak kishidek o‘zi amalga oshirishi bilan tahdid ham qilmadi.
Hatto bunday fikrni xayoliga keltirishga ham botina olmadi. Zelya o‘zining haqoratchisi — “haybatli amaki” Ramzan Qodirovni boshqa birov jazolashini chetdan, xavfsiz masofadan turib kuzatishga qarshi emasligiga qo‘rqoqlarcha ishora qildi” degan u.
Shuningdek, Checheniston rahbari Ukraina Prezidenti uni qidiruvga berganini, unga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi tashabbuskori bo‘lganini ta’kidlagan. Qodirov postida Zelenskiyni “erkak” bo‘lishga chaqirib, bu harakatlari juda sharmandali ekanini aytgan.
“Bu iblis nimalar qilmayapti deysiz: meni qidiruvga ham beryapti, sanksiyalar ham joriy qilyapti. Endi esa amerikaliklardan yordam so‘rab, go‘yo "qurol-yarog‘ bilan yordam bermadingiz, hech bo‘lmasa Ramzanni o‘g‘irlab bering" deyayotganga o‘xshaydi. Zelya, hech bo‘lmasa erkak bo‘lishga urinib ko‘r.
Bo‘lolmasang ham – urin. O‘z obro‘yingni saqla va bunchalik xor bo‘lma. Agar senda ozgina bo‘lsa ham erkaklik bo‘lganida, so‘zlaring va iltimoslaring qanchalik haqoratli yangrayotganini tushungan bo‘larding ”, degan Qodirov.
Shuningdek, Ramzan Qodirov Zelenskiyni kinoyali tarzda “muddati o‘tgan” deb atagan, shu bilan birga, Ukraina yetakchisi bilan tortishuv fonida dushmanlarini keskin ohangda ogohlantirgan.
"Senga eslatib qo‘yaman, Zelya: dushman respublikamizga kirishi mumkin, ammo chiqib ketishi imkonsiz. Yoki o‘zing tavakkal qilib ko‘rasanmi, muddati o‘tgan?", degan Putinning ishonchli odamlaridan biri Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH hukumatiga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham xuddi Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro kabi hibsga olinishi kerakligini aytgan edi.
Live
Barchasi