Zelenskiyning rafiqasi Janubiy Koreya rahbaridan yordam so‘radi

Olam

image

Bugun, 16 may kuni Seulga borgan Ukraina Birinchi xonimi Yelena Zelenskaya Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yoldan Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari va zamonaviy texnologiyalar bilan yordam berishni so‘radi. Bu haqda u o‘zining Telegram’dagi sahifasida yozdi.

"Osiyo yetakchilari konferensiyasida ishtirok etish maqsadida Koreya Respublikasiga qilgan safarimni mamlakat Prezidenti bilan uchrashuvdan boshladim. Unda havo hujumidan mudofaa tizimlari, minalardan tozalash uskunalari va tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish masalasi ko‘tarildi”, deydi Zelenskaya.

O‘z o‘rnida, Janubiy Koreya rahbarining matbuot kotibi Li Do In ham Prezident va Zelenskaya o‘rtasidagi uchrashuv haqida bayonot berdi. Unga ko‘ra, Yun Sok Yol Seul Kiyevga NATO davlatlari va xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda yordam ko‘rsatishini aytgan. Janubiy Koreya Prezidenti ma’muriyatining yana bir xodimi esa Ukraina tomonidan halokatli qurol yetkazib berish bo‘yicha hech qanday so‘rov bo‘lmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskaya Seul qurol yetkazib berishni qiyin deb bilishini to‘g‘ri tushunishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, ayni damda Janubiy Koreya Ukrainaga moliyaviy va gumanitar yordam ko‘rsatib kelmoqda, biroq Seul haligacha Kiyevga qurol yetkazib bermagan. 

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Prezident Yun Sok Yol tinch aholi uchun jiddiy xavf tug‘ilsa, Seul Kiyevga qurol yetkazib berishni boshlashi mumkinligini aytgandi. Rossiya tarafi esa Ukrainaga Janubiy Koreya qurollarini yetkazib berilishi ikki tomonlama munosabatlarni barbod etishini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Ukraina Zelenskaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing