Zelenskiyning Xirosimaga borishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
19 may 2023
4923Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G7 sammitida ishtirok etish uchun Xirosimaga boradi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Tashrif bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlanmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida shu yilning 21 mart kuni Kiyevga tashrif buyurganida Ukraina yetakchisini uch kunlik sammitda ishtirok etishga taklif qilgan.
Mazkur sammit Yaponiyaning Xirosima shahrida 19-21 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Sammitga “Katta yettilik” guruhi davlatlaridan tashqari, Avstraliya, Braziliya, Vetnam, Hindiston, Indoneziya, Kuk Orollari, Komor Orollari Ittifoqi, Janubiy Koreya rahbarlari ham taklif etilgan. Uchrashuvning asosiy mavzulari mintaqaviy masalalar, jumladan, Ukraina, Hind-Tinch okeani mintaqasi, Tayvan atrofidagi vaziyat, global janubiy mamlakatlar bilan hamkorlik, yadroviy qurollarni cheklash, iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari bo‘ladi. Shuningdek, unda Rossiyaning olmos eksportiga nisbatan sanksiya joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilishi ham ma’lum qilingan.
Avvalroq Zelenskiy Yettilik guruhi davlatlarining Yaponiyada o‘tkaziladigan sammitida onlayn tarzda ishtirok etishi xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Zelenskiy Indoneziyaning Bali orolida o‘tkazilgan G20 sammitida ham onlayn formatda ishtirok etgandi.
LiveBarchasi