Zelenskiyning atrofidagilar Tramp va Putin uchrashuvini baholadi
Olam
−
16 avgust 9841 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy atrofidagi manbalar Rossiya rahbari Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning Alyaskadagi uchrashuvini baholadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Ularning fikricha, sammit yakunida hech qanday sezilarli yutuq kuzatilmagan. Ukraina Prezidentining nomi ochiqlanmagan bir yordamchisi Amerika tomoni hali aloqa qilmaganini aytgan va vaziyatni “juda g‘alati” deb atagan. Nashrning yana bir suhbatdoshi uchrashuvni “hech narsaga arzimaydigan voqea” deb ta’riflagan.
Kecha, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan bugun, 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi. Tramp anjumanda Zelenskiyga va NATO vakillariga qo‘ng‘iroq qilib, sammit natijalari haqida xabar berishini aytdi.
“Juda tez orada men NATOdagi hamkasblarimga qo‘ng‘iroq qilaman. Men zarur deb bilgan odamlarga qo‘ng‘iroq qilaman. Albatta, Pprezident Zelenskiyga ham qo‘ng‘iroq qilib, bugungi uchrashuv haqida aytaman”, degan Oq uy rahbari.
Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuv Ukraina va Rossiya o‘rtasida haqiqiy tinchlikka yo‘l ochishi kerakligini aytgandi. Ukraina Prezidenti Rossiya tomonining amaldagi niyatlari va Alyaska uchrashuviga tayyorgarligi bo‘yicha razvedkaning hisobotini kutayotganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi