Zelenskiyga YeI sammitida “g‘alaba rejasi”ni taqdim etish taklif qilindi
Olam
−
16 Oktabr
2188Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda yevropalik siyosatchi kecha, 15 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men Prezident Zelenskiyni Yevropa Kengashi sammitiga taklif qildim, shunda u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi so‘nggi voqealarni baholab, g‘alabaga erishish rejasini taqdim etishi mumkin bo‘ladi", deydi Mishel.
2024 yil sentyabr oxirida AQSHga tashrifi chog‘ida Vladimir Zelenskiy mamlakatning amaldagi Prezidenti Jo Baydenga, shuningdek, bu lavozimga nomzodlar Kamola Harris va Donald Trampga o‘zining "Kreml tomonidan boshlangan urushda Ukraina uchun g‘alaba rejasi“ni taqdim etganini aytdi. Biroq keyinroq “The Wall Street Journal” Oq uydagi manbalariga tayanib, Zelenskiyning rejasi “keng qamrovli strategiya” yo‘qligi sababli Bayden ma’muriyatini “taassurot qoldirmagani” haqida xabar berdi.
Oktyabr oyida Vladimir Zelenskiy G‘arbiy Yevropaning yuqori martabali siyosatchilari bilan “g‘alaba rejasi”ni muhokama qilgan edi. Xususan, safari davomida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Germaniya kansleri Olaf Shols va yaqinda tayinlangan NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashdi.
LiveBarchasi