Zelenskiy Yevropa liderlaridan biriga sim qoqdi
Olam
−
09 avgust 6541 2 daqiqa
Bugun, 9 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Zelenskiy Starmerga Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.
“U bizni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiraman. Ukraina uchun chinakam barqaror tinchlik zarurligini va Rossiyaning imkonsiz narsani muhokama qilayotganini birday ko‘ramiz”, deya yozgan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aniq qadamlar, hamkorlar bilan maksimal darajadagi birlashish masalasi bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilgan.
“Britaniya, AQSH va barcha hamkorlarning urushni tugatishga bo‘lgan qat’iy intilishini qadrlaymiz. Biz konstruktiv diplomatiya va ishlaydigan yechimlar yo‘lida faol ish olib boryapmiz. Keyingi aloqalarni kelishib oldik”, deya qo‘shimcha qilgan Vladimir Zelenskiy.
Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi bu suhbat Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga oz fursat qolgan bir paytda ro‘y bermoqda. AQSH va Rossiya Prezidentlari 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashishi rejlashtirilgan. Ba’zi bir manbalarga ko‘ra, uchrashuvda Yevropa vakillari ham ishtirok etishi mumkin, lekin bu xabarlar rasman tasdiqlanmagan.
Uchrashuvda hududlar almashinuvi masalasi ham ko‘rilishi mumkin. Zelenskiy hududiy imtiyozlarga qo‘yiladigan har qanday shartni qat’iyan rad etgan. Shuni hisobga olib aytish mumkinki, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Putin tinchlik shartlarida bir-biridan ancha uzoqda. Qolaversa, Ukraina va yevropaliklar bunday kelishuvga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uydagi manbaga tayanib, CBS News nashri Zelenskiy ham AQSH va Rossiya Prezidentlari – Donald Tramp, Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi