Zelenskiy yangi Mudofaa vaziriga muhim topshiriq berdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yangi tayinlangan Mudofaa vaziri Yevgen Xmara oldiga Rossiya hududi ichkarisiga berilayotgan uzoq masofali zarbalar ko‘lamini kengaytirish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 19 avgust kuni Telegram-kanalida e’lon qilgan videomurojaatida ma’lum qildi.

Zelenskiyning aytishicha, Mudofaa vazirligi Ukraina qurol ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikni kuchaytirib, mamlakat osmonini himoya qilish imkoniyatlarini oshirishi, shuningdek, hamkor davlatlar bilan mudofaa va hujum operatsiyalarini yanada mustahkamlashi kerak.

“Men Mudofaa vazirligidan uzoq masofali zarbalarimiz ko‘lamini kengaytirishni kutaman“, degan Zelenskiy.

Unga ko‘ra, yangi vazir oldidagi asosiy vazifa Ukraina mudofaa tizimini, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va xarid qilish tizimini hamda qo‘shinlarni ta’minlash mexanizmini qayta tashkil etishdan iborat.

Prezident Ukraina armiyasi Rossiya hujumlarini qaytarish, frontdagi pozitsiyalarni saqlab qolish va faol operatsiyalar olib borish uchun barcha zarur vositalar bilan ta’minlanishi lozimligini ta’kidlagan.

Zelenskiy Yevgen Xmaraning avval Ukraina Xavfsizlik xizmatining “Alfa“ maxsus operatsiyalar markazida xizmat qilganini eslatib, uni natijaga ishlaydigan rahbar sifatida tavsiflagan. Shuningdek, u yangi mudofaa vaziri bilan Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Mixaylo Drapatiy o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etgan.

Yevgen Xmara kecha, 19 avgust kuni Ukraina Oliy Radasi tomonidan mamlakatning yangi Mudofaa vaziri etib tayinlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Irina Mudrani lavozimidan ozod qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing