Zelenskiy va Yevropa liderlari Tramp bilan gaplashdi
Olam
−
20 may 4085 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 19 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muloqot qildi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan qo‘ng‘iroqlashishidan oldin Zelenskiy AQSH Prezidenti bilan alohida tarzda suhbatlashgan. Shundan so‘ng, Yevropa yetakchilari – Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ishtirokida umumiy suhbat bo‘lib o‘tgan.
Dastlab, ikki tomonlama suhbat boshida Ukraina Prezidenti Trampga Ukraina hech qanday shartsiz va to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
“AQSH tomonidan ilgari surilgan taklif aynan shu edi va bu pozitsiyani xiralashtirish kerak emas. Agar Rossiya harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyor bo‘lmasa, unga nisbatan kuchliroq sanksiyalar qo‘llanilishi zarur”, degan u.
Zelenskiy suhbat davomida Rossiya bilan har qanday samarali formatda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga kirishishga tayyor ekanligini bildirgan.
“Turkiya, Vatikan, Shveysariya kabi joylar ko‘rib chiqilmoqda. Ukraina bunga ishontirishga muhtoj emas – ukrainalik muzokarachilar real qarorlar qabul qilishga tayyor. Endi Rossiyaning ham xuddi shunday tayyorligini ko‘rsatishi muhim”, degan Zelenskiy.
Yevropa yetakchilari bilan bo‘lgan umumiy muloqotda kelgusi harakatlar, jumladan, muzokarachilar uchrashuvi va har ikki tomon takliflarini adolatli baholash masalalari muhokama qilingan.
Shu bilan birga, suhbat davomida Ukraina Prezidenti AQSHning muzokaralardan chetlanmasligi lozimligini ta’kidlagan.
“Bu jarayondan manfaatdor yagona tomon – bu Putin. Agar Rossiya o‘ldirishni to‘xtatmasa, asirlarni ozod qilmasa va noreal talablar qo‘ysa, bu urushni cho‘zish istagini bildiradi. Bunday holatda Yevropa, AQSH va butun dunyo Rossiyaga nisbatan munosib tarzda harakat qilishi, xususan, yangi sanksiyalar bilan javob berishi kerak. Rossiya o‘zi boshlagan urushni tugatishi shart va bu harakatni istalgan vaqtda boshlashi mumkin. Ukraina esa doimo tinchlikka tayyor”, degan Ukraina Prezidenti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 10 may kuni ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kiyevga borgan yevropalik siyosatchilar tinchlik sa’y-harakatlari bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqot qilgan edi. Ushbu muloqotda 12 may kunidan boshlab Ukraina 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan 2 soatdan ortiq vaqt davomida Ukrainadagi Rossiya urushini tartibga solish masalasida telefon orqali muloqot qilgandi. Sochida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida so‘zlagan Putin Tramp bilan bo‘lgan suhbatni “ochiq va mazmunli” deb atagan va Tramp Rossiyaning Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini tan olganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi