Zelenskiy va Ukraina xalqi “Yil odami” bo‘ldi
Olam
−
07 dekabr 2022
4749Amerikaning “Time” jurnali Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina xalqi (Ukraina matonatini) “Yil odami” deb topdi. Bu haqda nashr saytida aytilgan.
Jurnal muqovasi markazida esa Prezident Vladimir Zelenskiy va vatan himoyasiga otlangan oddiy ukrainaliklarni ko‘rish mumkin.
“Jasorat qo‘rquv kabi yuqumli bo‘lishi mumkinligini isbotlash uchun; ozodlikni himoya qilish uchun xalq va xalqlarni birlashtira olish qobiliyati uchun; Dunyoga demokratiya va tinchlikning mo‘rtligini eslatgani uchun Vladimir Zelenskiy va Ukraina matonati “Yil odami” deb topildi”, deyiladi jurnalda.
Qayd etilishicha, Zelenskiyning urush davrida rahbar sifatidagi jasorati muvaffaqiyatli “yuqumli”lik kasb etgan. Prezidentdagi jasorat bosqinning dastlabki kunlarida, hamma Zelenskiy mamlakatni tark etmay, urush maydonida qolayotganini anglab yetgan paytda, Ukrainadagi boshqa rahbarlarga ham ko‘chgan.
“Agar inqirozga uchragan rahbar uchun bu tabiiy bo‘lib tuyulsa, tarixdagi boshqa o‘xshash voqealarni eslang. Olti oy oldin, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Zelenskiydan ancha tajribali rahbar, “Tolibon” kuchlari yaqinlashib kelayotgan paytda poytaxtni tark etgan edi. 2014 yilda Zelenskiyning o‘tmishdoshlaridan biri Viktor Yanukovich uning qarorgohini namoyishchilar o‘rab olganda Kiyevdan qochib ketgan; u hali ham Rossiyada yashaydi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishida Albaniya, Belgiya, Chexoslovakiya, Gretsiya, Polsha, Niderlandiya, Norvegiya, Yugoslaviya va boshqa davlatlar rahbarlari Germaniya hujumidan qochib, urushni surgunda o‘tkazdi”, deb yozgan “Time”.
2021 yilda Ilon Mask “Time” jurnali talqiniga ko‘ra yil odami bo‘ldi. Jurnal 1927 yildan beri har yili “Yil odami”ni tanlab keladi – bu sharafga birinchi bo‘lib tarixda ilk bor Atlantika okeani bo‘ylab yakka o‘zi uchgan amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg sazovor bo‘lgan.
Yil odami nomiga 70 martadan ortiq siyosat va jamoat arbobi loyiq ko‘rildi. Ular orasida Mahatma Gandi (1930), Uinston Cherchill (1940, 1949), Yelizaveta II (1952), Sharl de Goll (1958), Martin Lyuter King (1963), Genri Kissinjer (1972), Den Syaopin (1978, 1985), Oyatulloh Xomanaiy (1979), Lex Valensa (1981), Rim papalari Ioann Pavel II (1994) va Fransisk (2013), Angela Merkel (2015) bor.
Eslatib o‘tamiz, 5 dekabr Vladimir Zelenskiy Britaniyaning “Financial Times” nashri talqiniga ko‘ra “Yil odami” deb topilgan edi. Nashrning ta’kidlashicha, ko‘plab ukrainaliklar Rossiya harbiy maxsus operatsiyasi boshlanishidan oldin Zelenskiyni yuqori lavozim mas’uliyatini uddalay olmaydigan havaskor deb hisoblab, uni hisobdan chiqargan. Ammo 44 yoshli siyosatchi yetakchilik va chidamlilikning ajoyib namoyishi bilan tarixda o‘z o‘rnini egalladi.
LiveBarchasi