Zelenskiy urushda qancha askar halok bo‘lganini ochiqladi
Olam
−
05 fevral
8722Rossiya bilan urushda 45,1 ming ukrainalik himoyachi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasining yo‘qotishlari taxminan 350 ming kishini tashkil etadi. 50-70 ming kishi bedarak yo‘qolgan, taxminan 600-700 ming kishi jarohatlangan.
Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, Rossiyaning dala tibbiyoti Ukrainanikiga qaraganda ancha zaifroq.
“Agar odam jang maydonida yaralangan bo‘lsa, u o‘sha yerda qoladi. Hisob-kitoblar taxminiy, ammo ular haqiqatni juda aniq aks ettiradi”, degan Zelenskiy.
U, shuningdek, Ukraina askarlaridan 45,1 ming kishi halok bo‘lgani va 390 mingga yaqin kishi jarohatlanganini aytadi.
“Xalqimizga kelsak, 45,1 ming kishi halok bo‘ldi, 390 mingga yaqin jarohatlanganlar bor”, degan Ukraina rahbari.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, hozirda himoyachilarning ko‘pchiligi jarohatlaridan tuzalib, jang maydoniga qaytmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil fevralida Zelenskiy keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri 31 mingga yaqin ukrainalik askarlar halok bo‘lganini aytgandi. Sentyabr oyida WSJ G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukraina mudofaa kuchlaridan 80 mingga yaqini halok bo‘lgani va 400 mingga yaqini yaralangani, Rossiya armiyasidan esa 200 mingga yaqin askarning halok bo‘lgani haqida yozgan edi. Zelenskiy bu xabarni yolg‘on deb atadi va haqiqiy ko‘rsatkich ancha past ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadagi urushda kamida 83 ming 338 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani va Ukraina ham o‘z navbatida, 43 ming askarini yo‘qotgani, yana 370 ming kishi jarohat olgani haqida xabar berilgandi. Biroq haqiqiy o‘lim soni 1,5-2 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi