Zelenskiy urush davridagi saylovlar Ukrainani bo‘lib yuborishini aytdi
Olam
−
08:24 1259 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan faol janglar davom etayotgan bir paytda saylov o‘tkazish mamlakatni bo‘lib yuborishi va “vayron qilishi” mumkinligini aytdi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 23 avgust kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.
Bu Zelenskiyning sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov urush sharoitida saylov o‘tkazishga chaqirganidan keyingi masala bo‘yicha birinchi munosabati bo‘ldi. Fedorovning o‘tgan oyda lavozimidan kutilmaganda ozod etilishi keng ko‘lamli namoyishlarga sabab bo‘lgandi, biroq uni qo‘llab-quvvatlovchilar keyinchalik saylov o‘tkazish haqidagi chaqiriqni ma’qullamagandi.
Qayd etilishicha, bu Rossiyaning 2022 yildagi keng ko‘lamli bosqinidan keyin Ukrainadagi yirik siyosiy arbob tomonidan saylov o‘tkazish bo‘yicha bildirilgan birinchi talab bo‘lgan.
“Agar mamlakatni vayron qilmoqchi bo‘lsak, bunday urush paytida saylovlarga yo‘l ochishimiz mumkin”, degan Zelenskiy.
Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, urush sharoitida saylov o‘tkazish taqiqlangan. Mutaxassislar ham xavfsizlik muammolari, shuningdek, millionlab ukrainaliklarning xorijda, Rossiya bosib olgan hududlarda yoki frontda ekani sababli saylov o‘tkazish juda qiyin bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, hozirgi saylovlar mamlakat uchun “sunami” bo‘lib, Ukraina jamiyatini bo‘lib yuborishi mumkin. U, shuningdek, Kiyevning xalqaro hamkorlari xavfsizlikni kafolatlasa, urush paytida saylov o‘tkazish imkonini ko‘rib chiqish mumkinligini, ammo hozirgacha hech kim bunday reja taklif qilmaganini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 avgust kunida Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti o‘tkazgan so‘rovda ukrainaliklarning 57 foizi saylovlar faqat janglar tugaganidan keyin o‘tkazilishi kerak, deb hisoblagan. Zelenskiyning reytingi esa hozircha taxminan 60 foiz darajasida saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvaloq Ukrainaning yaqinda lavozimidan ozod etilgan sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov mamlakatda urush davom etayotganiga qaramay prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirgandi.
Live
Barchasi