Zelenskiy Ukraina va Polsha o‘rtasida chegara qolmasligiga va’da berdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Polsha rahbari Anjey Duda bilan uchrashuvda yaqin orada ikki davlat o‘rtasida chegara bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda “Rada” telekanali xabar berdi.

“Qo‘shnilar uchrashuvi, ittifoqchilar uchrashuvi, sheriklar uchrashuvi, do‘stlar uchrashuvi. Kelajakda xalqlarimiz o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va eng muhimi – tarixiy chegaralar bo‘lmaydi”, degan Zelenskiy Anjey Duda bilan uchrashuvda.

Prezident Duda esa Zelenskiyni Polshaning eng oliy davlat mukofoti – “Oq burgut” ordeni bilan taqdirlagan. “Oq burgut” ordeni Polshadagi eng qadimgi ordenlardan biri bo‘lib, 1705 yilda tashkil etilgan. 1831 yilda orden Rossiya imperiyasining davlat mukofotlariga qo‘shilgan. 1992 yilda orden mamlakatning oliy davlat mukofoti sifatida qayta tiklangan. 

Ta’kidlash joizki, Zelenskiyning mazkur tashrifi Rossiya bosqinidan beri avvaldan e’lon qilingan birinchi xorijiy safar bo‘lgan. Polsha quruqlikdagi kuchlari sobiq qo‘mondoni Valdemar Shkipchakning ta’kidlashicha, Ukraina Prezidentining tashrifi Rossiya bilan harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarga ehtimoliy tayyorgarlik bilan bog‘liq. Polsha Prezidenti idorasi Zelenskiy va Duda Ukraina g‘allasini eksport qilish masalasini muhokama qilishini ma’lum qilgan.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva esa Zelenskiy tashrifining asosiy mavzusi mudofaani qo‘llab-quvvatlash bo‘lishini aytgan. 
Shuningdek, Ukraina rahbari Prezident Duda bilan muzokaralardan so‘ng Varshavadagi Saroy maydonida Polshadagi ukrainaliklar bilan uchrashib, ular oldida katta nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 5 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Polshaga rasmiy tashrif bilan borgan, unga rafiqasi Yelena Zelenskaya hamrohlik qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha Zelenskiy Anjey Duda Oq burgut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made