Zelenskiy uchrashuvga tayyor. Putinchi?
Olam
−
23 avgust 6273 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan hududiy masalalarni muhokama qilishga tayyor. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa NBC News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Zelenskiy bu masalada Ukraina qonunchiligiga ham, jamoatchilik fikriga ham asoslanadi. Shu bilan birga, Ukraina jamiyati “yer evaziga tinchlik”ka qat’iy qarshi.
“Ammo hududiy masalalarga kelganda, Prezident Zelenskiy Putinning o‘zi bilan bu borada muzokara o‘tkazishga tayyor ekanini va hozirgi to‘qnashuv chizig‘idan boshlab gaplashishni xohlashini ochiq aytdi”, degan Ukraina vakili.
Bundan oldin Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Alyaskadagi sammitda Rossiya ayrim masalalarda “moslashuvchanlik” ko‘rsatganini, biroq Zelenskiy hammasiga “yo‘q” deganini aytgandi. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Ukraina NATOga a’zo bo‘lishidan voz kechish, hududiy masalalarni muhokama qilish va rus tilidan foydalanish taqiqini bekor qilish kabi shartlarni rad etgan.
“Reuters” nashri esa manbalarga tayanib, Moskva sammit chog‘ida hududiy murosa sifatida front chizig‘ini Xerson va Zaporoje viloyatlarida muzlatib qo‘yishga rozi bo‘lgani, holbuki ilgari ularni to‘liq nazorat qilishni talab qilganini yozgan.
Zelenskiy esa Ukraina qanday hududiy shartlarga rozi bo‘lishi haqida gapirish mumkin emasligi, avval Rossiyaning aniq talablari ochiq bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan. U, shuningdek, bunday almashuvni Kiyev qonuniy jihatdan “mutlaqo tan olmasligini” qayd etgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Zelenskiy va Putin uchrashuvi natija bermasligi mumkinligini aytgan. U Oq uyda Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazilgan sammitdan so‘ng ikki davlat rahbarlari uchrashuvi tayyorgarligi boshlanganini ma’lum qilgan. Trampning fikricha, avval ular o‘zaro yuzma-yuz uchrashishi, keyin esa Tramp ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkin. U agar ikki hafta ichida muzokara bo‘lmasa, AQSH “juda muhim qaror” qabul qilishini, bu keng ko‘lamli sanksiyalar, bojlar yoki umuman hech qanday choralar bo‘lmasligi mumkinligini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Kiyevda jurnalistlar bilan uchrashuvda Vladimir Zelenskiy yana bir bor mamlakat hech qachon Rossiya tomonidan egallangan hududlarni qonuniy tarzda tan olmasligini ma’lum qilgandi. Zelenskiy Donbass masalasiga ham to‘xtalib, Rossiyaning mintaqani to‘liq egallashi uchun kamida to‘rt yil kerak bo‘lishini aytgan. Unga ko‘ra, to‘rt yil davomida Rossiya faqat Donetsk viloyatining uchdan bir qismini bosib olgan va Donbassni to‘liq egallash haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Live
Barchasi