Zelenskiy Tramp bilan gaplashish uchun Berlinga bordi (video)
Olam
−
13 avgust 5091 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 13 avgust kuni Yevropa yetakchilarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan videokonferensiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Berlinga yetib bordi. Bu haqda Zelenskiyning matbuot xizmati xabar berdi.
Tramp bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskadagi uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan suhbat tashabbuskori Germaniya kansleri Fridrix Mers bo‘ldi. Videokonferensiyada Zelenskiy, Tramp va Mersdan tashqari Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Finlyandiya va Fransiya Prezidentlari va hukumat rahbarlari, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa Ittifoqi kengashi prezidenti Antonio Koshta, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens ishtirok etadi.
“Bloomberg”ning yozishicha, videokonferensiya formatidagi muzokaralar Berlin vaqti bilan soat 15:00 da (Toshkent vaqti bilan 18:00) boshlanadi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi 15 avgust kuni Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tadi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt xabar berishicha, Tramp va Putin uchrashuvning kamida bir qismini yolg‘iz o‘zi, faqat tarjimonlar ishtirokida, maslahatchilar ishtirokisiz o‘tkazadi. Trampning o‘zi uchrashuvni “sinov” deb atadi.
Sammit e’lon qilingandan so‘ng Yevropa yetakchilari qo‘shma bayonot berib, “diplomatik yechim Ukraina va Yevropaning hayotiy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishi kerak”ligini ta’kidladi. Yevropa yetakchilari “Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lini Ukraina ishtirokisiz belgilab bo‘lmasligini” bildirdi.
Live
Barchasi