Zelenskiy Shveysariyada “kattalar” bilan Ukraina kelajagini gaplashdi(foto, video)
Olam
−
16 yanvar
5024Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 15 yanvar kuni Shveysariyaga safar qildi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Prezident Zelenskiy parlamentning har ikki palatasi rahbarlari, partiya yetakchilari va Shveysariya rahbari bilan uchrashgan. U Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etadi. Shuningdek, Zelenskiy Ukraina mudofaasi va iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash uchun Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari bilan muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqchi.
“Shveysariya Ukrainaga nafaqat gumanitar yordam beradi, balki moliyaviy tomonlama ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun yangi uzoq muddatli ko‘mak dasturi muhokama qilindi”, deydi Ukraina rahbari o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Shveysariya Prezidenti Viola Amerd bilan uchrashgan Zelenskiy, ertadan boshlanadigan Global tinchlik sammitiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ushbu sammit bizga zarur kuch bag‘ishlashi va urushning tugashi faqat adolatli bo‘lishi va xalqaro huquq me’yorlari buzilmasligini ta’minlashi kerak. Shveysariya bu borada bizning hamkorimiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shuningdek, Zelenskiy Shveysariya Federal Majlisi Milliy Kengashi Raisi Yerik Nussbaumer, Kantonlar Kengashi raisi Yeva Gersog hamda Shveysariya Federal Majlisining partiya va fraksiyalari rahbarlari va Lyuksemburg Bosh vaziri Lyuk Friden bilan ham uchrashgan.
Zelenskiyning tashrifi Fransiya va Germaniya Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaganidan keyin amalga oshirildi.
Shuningdek, Ukraina yetakchisi forum davomida Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan ukrainalik bolalarni qaytarish, sanksiyalar, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish yo‘llari, gumanitar minalardan tozalash, moliyaviy yordam va tiklanish masalalarini ham muhokama qilmoqchi.
Kunning ikkinchi yarmida u Davosda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashib, alyansning qo‘llovi uchun o‘z minnatdorligini bildirgan.
“Biz frontdagi vaziyatni muhokama qildik. Men Bosh kotibni Rossiyaning yaqinda uyushtirgan ommaviy havo hujumlari haqida xabardor qildim va Ukraina havo mudofaasini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladim”, degan u o‘z xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, tomonlar G7 Vilnyus deklaratsiyasiga asoslangan Buyuk Britaniya va Ukraina o‘rtasidagi xavfsizlik kelishuvining ahamiyatini, frontdagi vaziyatni va Ukraina NATOga a’zo bo‘lguniga qadar amalda bo‘ladigan bunday hujjatlar to‘g‘risida suhbatlashgan. Bundan tashqari, Vashingtondagi NATO sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar Kiyevga tashrif buyurgan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan birgalikda ikki davlat o‘rtasida tarixiy xavfsizlik shartnomasini imzolashini aytgan edi. O‘tgan yili Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida G7 davlatlari Kiyev uchun ikki tomonlama xavfsizlik kafolati bo‘yicha kelishib olgan. Buyuk Britaniya tegishli kelishuvni imzolagan birinchi davlat bo‘ldi.
LiveBarchasi