Zelenskiy, Shols va Makron. Uch rahbar Rossiyani nimaga chorlamoqda?

Olam

image

Bryusselda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ukraina rahbari matbuot xizmati xabar bergan.  

Xabarda aytilishicha, Vladimir Zelenskiy Ukraina “chegaradagi hech qanday provokatsiyalarga berilmasligini, boshqa tomonlarga nisbatan tajovuzkor niyatlari yo‘qligini va vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori” ekanini ta’kidlagan. 

“Rossiya qo‘shinlari va qurollari Ukraina chegaralaridan imkon qadar tezroq olib chiqilishini kutaman. Hozircha diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, ular bizning chegaralarimizda qolmoqda”, deyiladi davlat rahbarining bayonotida. 

Tomonlar Normand formatida faol ishlashni davom ettirish va 2019 yil 9 dekabrda bo‘lib o‘tgan Parij sammitida to‘rt tomon qabul qilgan qarorlar ijrosini ta’minlash zarurligiga kelishib olgan. Vladimir Zelenskiy bu birinchi navbatda mojaro hududidagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini ta’minlash, mahbuslarni o‘zaro ozod qilish va ikkita yangi nazorat-o‘tkazish punktini ochish kabi shoshilinch choralarga taalluqli ekanini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, Vladimir Zelenskiy, Olaf Shols va Emmanuel Makron Donbassdagi vaziyatni barqarorlashtirishda haqiqiy muvaffaqiyatga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olgan va Rossiya tomonini buning uchun Normand formatida konstruktiv ishlarni davom ettirishga chaqirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, G‘arb matbuoti va siyosatchilari so‘nggi paytlarda Moskva Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini jamlayotganini ta’kidlab kelmoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududi va o‘z xohishiga ko‘ra ko‘chirayotganini, uning harakatlari hech kimga tahdid solmasligini va hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini aytib kelmoqda. Moskvaning ta’kidlashicha, “Rossiya tajovuzkorligi” haqidagi xabarlar chegara hududlarida NATO kuchlarini to‘plash uchun bahona sifatida foydalanilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Makron Shol'ts

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing