Zelenskiy Rossiyaning “Maydan-3” operatsiyasi qachon o‘tkazilishini aytdi
Olam
−
21 noyabr 2023
9058Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainada amaldagi hukumatni ag‘darishga qaratilgan “Maydan-3” operatsiyasini 2023 yil oxirigacha amalga oshirishni rejalashtirayotganini aytdi. Bu haqda u Britaniyaning “The Sun” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Zelenskiy Ukraina razvedkasiga ko‘ra, “Maydan-3” tafsilotlari o‘zgarishi mumkinligi va asosiy maqsad uni jismonan yo‘q qilishga qaratilmaganini ma’lum qilgan.
“Bu [operatsiya] Prezidentni almashtirishga qaratilgan. Hozircha shunday. Bu qotillik haqida bo‘lmasligi mumkin. Men rejalar o‘zgarishini nazarda tutyapman. Ammo ularning qo‘llarida qanday vositalar bo‘lsa, hammasidan foydalanadi”, deydi Ukraina rahbari.
Shuningdek, Prezident o‘ziga suiqasd qilinish holati ko‘pligidan, hisobda adashib ketishini aytib o‘tgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, eng esda qolarlisi, uni o‘ldirishga birinchi urinish bo‘lib, uni Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining dastlabki kunlarida tashkillashtirgan.
“Keyingi suiqasdga urinishlar unchalik keskin bo‘lmadi”, deydi Zelenskiy.
“The Sun” jurnalisti Jerom Starki Ukraina Prezidentidan Rossiya rahbari Vladimir Putinni o‘ldirish imkoniyatidan foydalana olish-olmasligini ham so‘ragan.
"Bu urush va Ukraina o‘z yerini himoya qilishga haqli", deya javob qaytargan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Online.ua” nashri Ukraina xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayanib, Rossiya maxsus xizmatlarining “Maydan-3” axborot kampaniyasi 2023 yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilganini yozgandi. Nashrdan bir necha kun o‘tgach, Vladimir Zelenskiy “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida Rossiya uni lavozimidan chetlashtirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa Ukraina Prezidentining so‘zlariga izoh berar ekan, “reja oshkor bo‘ldi” va uni “to‘g‘rilash” kerak, deb hazil qildi.
LiveBarchasi