Zelenskiy Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzishi mumkin

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzish bo‘yicha so‘rov kelganini aytdi. Bu haqda u bugun, 22 fevral kuni Kiyevda bo‘lib turgan Estoniya rahbari Alar Karis bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Men Tashqi ishlar ishlar vazirligidan Rossiya bilan diplomatik munosabatlarni uzish haqidagi so‘rov oldim. Men buni ko‘rib chiqaman”, degan Zelenskiy. 

Zelenskiy Rossiyaning Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi Kremlning Kiyevga qarshi “keyingi qurolli tajovuzi” uchun qonuniy asos yaratadi, deb hisoblaydi. 

“Biz Rossiya xalqaro majburiyatlari hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 2015 yil 18 fevraldagi Ukraina bo‘yicha rezolyutsiyasini buzgan holda Kiyevga qarshi keyingi qurolli tajovuz uchun huquqiy asos yaratadi, deb hisoblaymiz”, deya ta’kidlagan Ukraina rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Keyinroq Putin Tashqi ishlar vazirligiga DXR va LXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish, Mudofaa vazirligiga esa o‘z hududlarida tinchlik saqlanishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident farmonlaridan birining matnida ta’kidlanishicha, harbiy idoraga do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgunga qadar “Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari tomonidan Donetsk Xalq Respublikasi hududida tinchlikparvarlik funksiyalarini amalga oshirish” topshirilgan.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

AQSH bugun, 22 fevral kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olgani uchun Rossiyaga nisbatan cheklov choralarini joriy  qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

95

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing