Zelenskiy Rossiya hujum qilayotgan Xarkovga bordi
Olam
−
17 may
7778Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 16 may kuni Xarkovda Oliy bosh qo‘mondonlik shtab-kvartirasining yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Yig‘ilish Rossiyaning Xarkov viloyatidagi hujumi fonida yuz berdi. Janglar Xarkovdan 20 kilometr uzoqlikdagi Lipsi qishlog‘idan shimolda ketmoqda. Viloyatning shimoli-sharqida, Rossiya chegarasiga yaqin Volchansk shahrida ham ko‘chada janglar bo‘lgani haqida xabarlar bor.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy va tegishli yo‘nalishlar qo‘mondonlarining hisobotini eshitgan.
“Bugungi kunga kelib Xarkov viloyatidagi vaziyat umuman nazorat ostida. Yo‘nalish o‘ta qiyinligicha qolmoqda – biz bo‘linmalarimizni kuchaytirmoqdamiz”, deb yozgan Zelenskiy.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi 16 may kungi ertalabki hisobotida Rossiya qo‘shinlarining “Volchansk shahriga imkon qadar chuqur kirib borish” rejalari barbod bo‘lganini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, shaharning shimoliy qismida janglar ketmoqda.
Ukraina Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko Rossiya harbiylari Volchansk shimolida “tinch aholini asirga olayotganini” aytdi. Ta’kidlanishicha, qochishga uringan mahalliy aholidan biri otib o‘ldirilgan. Shu bilan birga, Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik politsiyachilar shaharda aholining evakuatsiya qilinishini ta’minlab, faoliyatini davom ettirmoqda.
Ukrainaning DeepState loyihasi o‘z xaritasida Rossiya harbiylari shaharning shimoliy qismini, Ukraina harbiylari esa janubiy qismini nazorat qilishini ko‘rsatadi. Harbiy harakatlar sharoitida tomonlarning hududiy nazorat haqidagi bayonotlarini tezda tasdiqlash yoki rad etish imkoni yo‘q.
Rossiya qo‘shinlari tomonidan Volchansk va Xarkov viloyatining bir qator boshqa hududlarini o‘qqa tutish 10 may kuni keskin kuchaydi. Shu kuni Rossiya harbiylari hujumga o‘tib, qator hududlarda chegarani kesib o‘tdi va Ukraina hududidagi chegaradosh aholi punktlarida mustahkam o‘rnashib olishga urindi. Hujum ikkita asosiy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda: Lipsi tomon (bu Xarkov tomon yo‘nalish) va Volchansk tomon. Hujumning ko‘lami, maqsad va vazifalari hali aniq emas. Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika institutining ta’kidlashicha, gap Xarkovni egallashga urinishdan ko‘ra Belgorod viloyati bilan chegarada "bufer zona" yaratish haqida ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Zelenskiy "ABC News" telekanaliga bergan intervyusida frontda vaziyat jiddiy ekani, Xarkovni boy bermaslik uchun Ukrainaga ikkita Patriot mudofaa tizimi kerakligini aytgandi.
LiveBarchasi