Zelenskiy Putinnig tirikligiga shubha qildi
Olam
−
20 yanvar 2023
16781Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyada kim bilan muzokara olib borishni tushunmasligini va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tirik ekanligiga amin emasligini aytdi. U bu haqda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tgan “Ukraina nonushtasi”da videoaloqa orqali gapirdi.
“Bugun men kim bilan va nima haqida gaplashishni aniq bilmayman. Xromakey (yashil fon)da vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladigan Rossiya Prezidenti ekaniga ishonchim komil emas. U o‘zi tirikmi, qaror qabul qilyaptimi yoki kimlar qaror qabul qilyapti? Qanday shaxslar? Bu bo‘yicha menda aniq ma’lumot yo‘q”, deya ta’kidlagan Zelenskiy videomurojaatda.
U Rossiya bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan “tinchlik muzokaralari”ni aslida kim bilan olib borishi mumkinligini tushunmasligini aytib o‘tgan.
“Qanday qilib Yevropa rahbarlariga bitta narsani va’da qilish va ertasi kuni keng ko‘lamli bosqinni boshlash mumkinligini tushunmayapman. Men kim bilan muomala qilayotganimizni aniq bilmayman. “Tinchlik muzokaralari”ni men kim bilan o‘tkazishni tushunmayapman. Menimcha, Rossiya avval “kimnidir” topib, keyin “nimanidir” taklif qilishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Rossiya bilan muzokaralar haqidagi savolga javob berar ekan, Zelenskiy prezidentligi davrida Ukraina tomoni o‘z yerlarini diplomatiya orqali ozod qilish uchun hamma narsani qilganini va doimiy ravishda muzokaralar olib borishni taklif etganini ta’kidlagan.
“Ammo kimdir istamadi, keyin kimningdir vaqti yo‘q edi, kimdir ishonmadi va kimdir shart qo‘ydi”, dedi Ukraina rahbari.
Kreml Zelenskiyning so‘zlariga izoh berib, Rossiya va Putin Ukraina va uning rahbari uchun katta muammo ekanini aytgan.
“Psixologik tomondan qarasak, Zelenskiy Rossiya ham, Putin ham yo‘q bo‘lishini afzal ko‘rardi. Ammo u Rossiya ham, Putin ham ertami-kechmi Rossiyaga qarshi hamma narsadan voz kechishga majbur bo‘lishini qanchalik tez bilsa, Ukraina kabi mamlakat uchun shuncha yaxshi bo‘ladi”, degan prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi