Zelenskiy Parijga bordi. U yerda Kiyev uchun nimalar va’da qilindi?
Olam
−
15 may 2023
4690Kecha, 14 may kuni kechqurun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Parijga yetib bordi. Makron bilan uchrashuvini e’lon qilar ekan, u fransiyalik mavqedoshi bilan ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim nuqtalarini muhokama qilishini aytdi. Bu haqda Ukraina yetakchisi ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarida yozib qoldirdi.
“Parij. Har safargi tashrif bilan Ukrainaning mudofaa va hujum qobiliyati ortib bormoqda. Rossiyaga bosim kuchaygani sari Yevropa bilan aloqalar mustahkamlanmoqda”, degan Ukraina yetakchisi.
Yelisey saroyi kommyunikesiga ko‘ra, yetakchilar Kiyevning shoshilinch harbiy va gumanitar ehtiyojlari va Fransiyaning Ukrainaga ko‘rsatishda davom etayotgan yordamini muhokama qilish uchun uchrashgan.
Bundan tashqari, Parijdagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda Makron va Zelenskiy Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini hamda joriy etilgan cheklovlarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirgan.
Shuningdek, yetakchilar boshqa mamlakatlarni maxsus tribunal yaratish tashabbusiga maksimal xalqaro qonuniylik berish maqsadida “bosqinchilik jinoyati uchun javobgarlikka tortish” sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Zelenskiy bilan uchrashuv arafasida Makron Rossiya Ukrainadagi mojaroda allaqachon “geosiyosiy mag‘lubiyat”ga uchraganini aytgan. Fransiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Xitoyga qaramligi, shuningdek, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi Rossiya yo‘qotishlarini ko‘rsatadi. Makronning fikricha, Rossiya Xitoyning vassal davlatiga aylanmoqda.
Shuningdek, Prezident Makron Yevropani Ukrainaga muqarrar ravishda boshlanishi kerak bo‘lgan muzokaralarni tayyorlashda yordam berishga chaqirgan. Shu bilan birga u Rossiya bilan qarama-qarshilikdan qochish zarurligiga ishora qilgan.
Bundan tashqari, Makron va Zelenskiyning Yelisey saroyi tomonidan chop etilgan qo‘shma bayonotida Fransiya yaqin haftalarda bir nechta ukraina batalonlarini tayyorlashi va ularni o‘nlab zirhli texnika hamda AMX-10RC g‘ildirakli tanklari bilan jihozlashi e’lon qilingan. Shuningdek, Makron Ukrainaning havo hujumidan mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish niyatida ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 may kuni Zelenskiy Germaniyada ham bo‘lgan va Berlin bu yildan boshlab Kiyev hukumatiga harbiy yordam uchun yana 11 milliard yevro yuborishi e’lon qilingandi.
LiveBarchasi