Zelenskiy Mudofaa sanoati alyansi tuzilganini e’lon qildi
Olam
−
30 Sentabr 2023 7001 2 daqiqa
Ukrainada Mudofaa sanoati alyansi tuzildi. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Ukrainada bo‘lib o‘tgan birinchi Xalqaro mudofaa sanoati forumida Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Butun dunyodan qurol va harbiy texnika ishlab chiqaruvchilari asosiy deklaratsiyaga qo‘shilishi va Ukraina bilan birgalikda erkin dunyo arsenalini yaratishga tayyor ekanliklarini namoyish etishi mumkin”, degan Zelenskiy.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, forumda 30 davlatdan 252 mudofaa korxonasi ishtirok etgan. Forum yakunida Mudofaa sanoati alyansini tuzish to‘g‘risidagi deklaratsiya 19 davlatdan 38 ta qurol ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan imzolangan.

Zelenskiyning aytishicha, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Shvetsiya va Chexiya mudofaa kompaniyalari va assotsiatsiyalari vakillari bilan uchrashuvda Ukraina rasmiylari hamkorlik va qurollarni birgalikda ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qilgan.

“Bizning ustuvor vazifamiz – zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mudofaa ishlab chiqarishni rivojlantirish, Ukrainada jahon sanoati yetakchilari bilan hamkorlikda snaryadlar, raketalar, dronlarni ishlab chiqarish”, deydi Ukraina rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina mudofaa ishlab chiqarishini birgalikda rivojlantirishga tayyorligini bildirgan kompaniyalarga alohida shartlar taklif qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomonidan o‘ziga qarshi ochilgan urush davrida G‘arb qurollariga qattiq qaram bo‘lgan Ukraina uchta yo‘nalishda qo‘shimcha iqtisodiy resurslarni jalb qilish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etishi rejalashtirilmoqda: harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, harbiy infratuzilmani rivojlantirish va harbiy texnologiyalar ustida ishlash. Bu jamg‘arma davlat mudofaa aktivlaridan dividendlar, shuningdek, musodara qilingan Rossiya aktivlarini sotishdan tushadigan foyda orqali moliyalashtiriladi.

DPA agentligining yozishicha, Kiyev tomonidan Mudofaa sanoati ittifoqini tuzilishini Rossiyaning urush maqsadlaridan biriga, ya’ni Ukrainani qurolsizlantirishga javob sifatida ko‘rish mumkin.
Live
Barchasi