Zelenskiy mamlakatni tark etgan deputatlarga qaytishi uchun 24 soat muhlat berdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatni tark etgan Oliy Rada deputatlarini 24 soat ichida ortga qaytishga chaqirdi. Aks holda, davlat ular haqida jiddiy xulosa chiqaradi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xalq deputatlari o‘z qarindoshlari bilan xorijga chiqib ketgan. Ularning mamlakatga qaytishi uchun 24 soat vaqti bor.

“Menimcha, mamlakatni tark etgan deputatlar 24 soat ichida ortga qaytishi kerak. Aks holda davlat va rahbariyat sifatida barchamiz jiddiy xulosalar chiqaramiz”, deydi Zelenskiy.

Davlat rahbari qaysi partiya deputatlari Ukrainani tark etganiga aniqlik kiritmadi. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar o‘z namunasi bilan Ukraina xalqiga birdamlik signallarini berishlari lozim.

Shuningdek, Zelenskiy yirik ishbilarmonlarning Ukrainani tark etishiga ham izoh berdi.

"Davlat biznesga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Menimcha, ular o‘z hukmini o‘zlari chiqarishgan", degan u.

Avvalroq, “Ukrainskaya pravda” nashri mamlakatdan tashqarida 23 nafar xalq deputati borligini ma’lum qilgan edi. Xususan, “Muxolifat platformasi” – “Hayot uchun” fraksiyasidan 12 deputat, “Xalq xizmatchisi” fraksiyasidan besh nafar, “Holos” fraksiyasidan ikkita va fraksiyaga kirmagan to‘rt nafar deputat, allaqachon, Ukrainadan chiqib ketgan. Shuningdek, kamida sakkiz nafar tadbirkor Ukraina hududini tark etgan.

Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslik yoki zudlik bilan mamlakatni tark etishni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.  

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

464

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made