Zelenskiy maxsus dubulg‘a uchun diskvalifikatsiya qilingan sportchini taqdirladi
Sport
−
18:42 899 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qarori bilan diskvalifikatsiya qilingan ukrainalik skeletonchi Vladislav Geraskevichni “Ozodlik” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Zelenskiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Davlat rahbari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qarorini keskin tanqid qilgan. Uning aytishicha, Geraskevich rossiyaliklar tomonidan o‘ldirilgan ukrainalik sportchilarning suratlari tushirilgan dubulg‘a bilan chiqish qilgani uchun jazolangan.
“Sport unutuvchanlikni anglatmaydi va Olimpiya harakati urushlarni to‘xtatishga yordam berishi kerak, tajovuzkorlar qo‘liga o‘ynashga emas. Afsuski, XOQning ukrainalik skeletonchini diskvalifikatsiya qilish haqidagi qarori ko‘p narsani anglatadi. Bu adolat va tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga asoslangan olimpizm tamoyillarini aks ettirmaydi”, deydi Zelenskiy.
U, shuningdek, Rossiya Olimpiya tamoyillarini muntazam buzib kelganini eslatib, 2008 yilgi Gruziya urushi, 2014 yilgi Qrim anneksiyasi hamda 2022 yildan boshlangan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni tilga olgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilgi qishki Olimpiada arafasida sulh bo‘yicha ko‘plab chaqiriqlarga qaramay, Rossiya Ukrainaga raketa va dron hujumlarini davom ettirmoqda.
Prezident Rossiya tajovuzi oqibatida 660 nafar ukrainalik sportchi va murabbiy halok bo‘lganini ham qayd etgan. Shunga qaramay, rossiyalik sportchilar Milan va Kortinada o‘tkaziladigan Olimpiadada “neytral” bayroq ostida ishtirok etayotganini tanqid qilgan.
“Biz Vladislav va uning harakatlari bilan faxrlanamiz. Jasorat shunchaki medallardan ko‘proq narsani anglatadi”, deydi Zelenskiy.
Prezident kecha, 12 fevral kuni Geraskevichni “Ozodlik” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Sportchi “Ukraina xalqiga fidoyilik bilan xizmat qilgani, fuqarolik jasorati hamda ozodlik va demokratik qadriyatlarni himoya qilishdagi vatanparvarligi” uchun taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishki Olimpiya o‘yinlari arafasida ukrainalik skeletonchi Vladislav Geraskevich Rossiya bosqini paytida halok bo‘lgan ukrainaliklarning suratlari aks ettirilgan dubulg‘adan foydalangani uchun musobaqalardan chetlashtirilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi