Zelenskiy Xitoyning tinchlik tashabbusiga munosabat bildirdi
Olam
−
24 fevral 2023
15709Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 fevral kuni Xitoy Ukrainadagi inqirozni siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha takliflarini e’lon qilgan edi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu takliflar bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda Ukrainaning UNIAN nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zelenskiy Kiyevda Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan qo‘shma brifing o‘tkazayotganda jurnalistlar undan Xitoy taklif qilgan tinchlik rejasi haqida so‘ragan. U esa bu hujjatni hali ko‘rmaganini, shuningdek, Ukrainaning Xitoy bilan uchrashishi maqsadga muvofiqligi va bu signal Xitoy tomoniga diplomatlar darajasida yetkazilganini ta’kidlagan.
“Men faqat umumiy narsalarni bilaman. Hujjatni ko‘rganim yo‘q. Shuning uchun bu hujjatga “tashxis qo‘yish”ga hali erta”, degan Zelenskiy.
Uning aytishicha, Xitoyning Ukraina haqida gapira boshlagani va ayrim signallar yuborilayotgani juda yaxshi. Ukraina uchun barcha davlatlar u tarafda bo‘lishi juda muhim. Zelenskiy Xitoyning bu haqda gapirayotganini dastlabki qadamlar deb biladi. Biroq u Xitoy taklif qilayotgan narsaning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rganidan keyin qandaydir xulosalar chiqarishi, shundan keyin nimadir aniq bo‘lishini aytgan.
Shuningdek, u Ukraina va Xitoy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish maqsadga muofiqligi, bunday uchrashuv Ukraina manfaatlariga mos kelishini bildirgan.
“Tinchlik formulasida qancha ko‘p davlat ishtirok etsa, Ukrainadagi urushni suverenitetimizni hurmat qilgan holda tugatish shuncha tezroq bo‘ladi”, deydi Zelenskiy.
Xitoyning Rossiya-Ukraina urushidagi pozitsiyasi
Ukrainadagi urush boshlanganiga bir yil to‘lgan bo‘lsada, Xitoy shu paytgacha rasman betaraf bo‘lib kelmoqda. Biroq AQSH va boshqa G‘arb davlatlari uni Rossiyani qo‘llashda gumon qilib keladi. Xususan, 18 fevral kuni AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan 59-xavfsizlik konferensiyasida AQSH Ukrainada Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Xitoy va Rossiya munosabatlari yaxshilanishidan xavotirda ekanini bildirgandi. U Xitoy hukumatini Rossiyaga urushda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan halokatli qurollarni bermaslik haqida ogohlantirgan edi. Konferensiyada Xitoy vakili sifatida ishtirok etgan Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasining tashqi aloqalar bo‘limi rahbari Van I Xitoy Ukraina va Rossiya uchun o‘zining tinchlik takliflarini taqdim etishini aytgandi. Biroq keyinchalik Xitoyning BMTdagi vakili Chjan Jun bu tinchlik rejasi emas, balki Xitoyning rasmiy pozitsiyasiga ega hujjat ekanligini aytgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi