Zelenskiy qiyinchilik bilan ochilgan “don yo‘lagi”dan doimiy eksport uchun foydalanmoqchi
Olam
−
03 avgust 2022
4854Ukraina o‘z portlaridan g‘allani muntazam va uzluksiz eksport qilishni xohlaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib o‘tgan.
"Bugun Ukraina doni bo‘lgan birinchi kema Qora dengizdagi maxsus yo‘lak bo‘ylab marshrutni bosib o‘tib, Bosfor bo‘g‘oziga yetib keldi. Bu yo‘lak bizning portlarimizni blokdan chiqarilishiga yordam berdi.
Bizning endigi maqsadimiz muntazamlikni ta’minlash, shunda bitta kema jo‘nab ketganda, portda shay bo‘lib turgan boshqa kemalar ham chiqib keta oladi. Uzluksizlik va muntazamlik zaruriy tamoyildir”, deydi Zelenskiy.
Aytish joizki, kecha, 2 avgust kuni kechqurun Ukraina donini eksport qiluvchi birinchi “Ratsoni” yuk kemasi Istanbulga yetib keldi va langar tashladi. U Odessa portidan yo‘lga chiqqandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi