Zelenskiy qachon Putin bilan gaplashishini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida u gaplashishga tayyor Rossiyaning yagona vakili Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ekanini aytdi.

Shu bilan birga, u Ukraina AQSH Prezidenti Donald Tramp va Yevropa yetakchilari bilan mojaroni hal qilishning umumiy rejasini kelishib olgandan keyingina buni amalga oshirishini ta’kidladi.

“Men faqat bitta rossiyalik Putin bilan uchrashaman va bu biz Tramp bilan, Yevropa bilan umumiy rejaga ega bo‘lganimizdan keyingina sodir bo‘ladi. Biz esa Putin bilan muzokara stoliga o‘tirib, urushni to‘xtatamiz. Faqat shu holatda men uchrashuvga tayyorman”, dedi Zelenskiy.

Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasa, o‘z qurolli kuchlarini ikki barobarga oshirishga majbur bo‘ladi, bu esa uni bir yarim million kishiga yetkazadi.

Zelenskiy konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Prezident Tramp unga shaxsiy telefon raqamini berganini va istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishiga ruxsat berganini aytdi:

“Xohlagan vaqtingda qo‘ng‘iroq qilasan”, dedi. Men unga aytdim: “Ha, katta rahmat. Lekin oxirgi marta siz menga xohlagan vaqtda to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilishimni aytdingiz va menga telefon raqamingizni bermadingiz”. U: “Mayli, mayli, xohlagan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin”, dedi”.

Shuningdek, kecha AQSH vitse-prezident Jeyms Devid Vens, Davlat kotibi Marko Rubio va AQSHning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Myunxenda Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ukraina Prezidenti uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagicha yozdi:

“Guruhlarimiz hujjat ustida ishlashda davom etadi. Biz ko‘plab asosiy masalalarni ko‘rib chiqdik va general Kelloggni keyingi uchrashuvlar va joylardagi vaziyatni chuqurroq baholash uchun Ukrainada qarshi olishni intiqlik bilan kutamiz. Biz imkon qadar tezroq haqiqiy va kafolatlangan tinchlik sari harakat qilishga tayyormiz. Biz Prezident Trampning urushni to‘xtatish hamda Ukrainaga adolat va xavfsizlik kafolatlarini keltirishda yordam berishga bo‘lgan qat’iyatini chuqur qadrlaymiz”.

Myunxen konferensiyasi doirasida Kit Kellogg va Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokama chog‘ida AQSHning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami va yangi ikki tomonlama uchrashuvlar rejalashtirilgan.

“Putin hech qachon qoidalar bilan o‘ynamaydi... Rossiya bilan hech qanday kelishuv kuchli majburlovsiz ishlamaydi”, deb yozdi Yermak uchrashuv yakunlari bo‘yicha X platformasida.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi MSC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing