Zelenskiy Germaniyaga bordi
Olam
−
28 may 4198 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 28 may kuni Berlinga yetib bordi. Uning samolyoti poytaxtning Shenefeld aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Germaniyada harbiy sharaf bilan qabul qilingan Zelenskiy allaqachon Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashgan.
Germaniya hukumatining rasmiy vakili Stefan Korneliusning ma’lum qilishicha, Vladimir Zelenskiyning tashrifi chog‘ida “Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi va Rossiya bilan urushda o‘t ochishni to‘xtatish harakatlari” muhokama qilinadi. Mers va Zelenskiyning qo‘shma matbuot anjumani 13:30 (Moskva vaqti bilan 16:30) ga rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Ukraina rahbari davlat rahbarining rasmiy qarorgohi – Bellevyu saroyida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashadi.
Mersning partiyasi va muxolifat kanslerni Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilishga chaqirmoqda. Xususan, bu Xristian demokratik ittifoqidan tashqi siyosat bo‘yicha ekspert Roderix Kizevetter aytib o‘tdi.
Germaniyaga tashrifi oldidan Vladimir Zelenskiy tinchlik muzokaralari bo‘yicha oliy darajadagi – ham ikki tomonlama, ham uch tomonlama, xususan, Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp ishtirokida uchrashuvlarga tayyor ekanini aytdi.
“Biz “Tramp – Putin – men” formatiga tayyormiz, “Tramp – Putin”, “Tramp – Zelenskiy”, keyin esa uchchalamiz formatiga tayyormiz. Aytmoqchimanki, bu tarqoq uchrashuvlar emas”, dedi Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika va Rossiya tomonlari Kiyevning bunday tayyorligidan xabardor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy Berlinga oxirgi marta 2024 yil oktyabr oyida Mersdan oldingi kansler Olaf Shols bilan muzokaralar uchun borgan. Fridrix Mers esa joriy yil may oyi boshida lavozimga kirishganidan ko‘p o‘tmay, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya va Polsha Bosh vazirlari Kir Starmer va Donald Tusk bilan birgalikda Kiyevga tashrif buyurdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr