Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlaridan Rossiyaga nisbatan yana sanksiyalar kutyapti
Olam
−
23 fevral 2022
4708Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb hamkorlaridan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalar bo‘yicha keyingi qadamlarni kutayotganini aytdi. Bu haqda “Ukraina-24” xabar berdi.
“Ukraina kecha va bir kun avval ma’qullangan Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniyani olqishlaydi. Biz sanksiyalar bosimi bo‘yicha keyingi qadamlarni kutmoqdamiz”, deya ta’kidladi u Kiyevda o‘tgan Polsha hamda Litva Prezidentlari bilan muloqotda.
Ukraina Prezidentining aytishicha, atrofidagilar Rossiyaga qarshi turli choralar ko‘rishni taklif qilmoqda va sanksiyalar Rossiyaning keyingi qadamlari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi