Zelenskiy DXR va LXR masalasida Erdo‘g‘an bilan gaplashmoqchi
Olam
−
22 fevral 2022
5918Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina rahbari Twitter’da ma’lum qildi.
Tomonlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar nazorati ostidagi o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR tuzilmalarini tan olish masalasini muhokama qiladi.
“Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan suhbatlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda”, deydi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 fevral kuni Erdo‘g‘an Kiyevga borib, Zelenskiy bilan yopiq eshiklar ortida muloqot o‘tkazib qaytdi. Ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilishiga kelishildi.
Uchrashuvlar yakunida OAVga bayonot bergan Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan.
Ukrainadan qaytishda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo‘g‘an, Agar Rossiya Kiyev bilan keskinlikni kamaytirishda Turkiyaning vositachiligini ma’qullasa va Vladimir Putin Ukraina Prezidenti bilan uchrashuv taklifini qabul qilsa, Zelenskiy o‘sha zahoti Turkiya rahbari aytgan joyga yetib kelishga tayyorligini bildirdi.
LiveBarchasi