Zelenskiy “Demokratiya sammitida” ishtirok etishi kutilmoqda
Olam
−
23 mart 2023 4224 2 daqiqa
AQSH ma’muriyati Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning joriy yilning 29-30 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan ikkinchi “Demokratiya sammiti”da ishtirok etishini kutmoqda. Bu haqda kecha, 22 mart kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha katta direktori Robert Berchinski xorijiy matbuot uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
“Ukraina va Prezident Zelenskiyning ishtirokiga kelsak, men sizlarga – Ukraina hukumatiga Prezident Zelenskiyning ishtirokini tasdiqlash uchun murojaat qilmoqchiman. Biz u ham o‘nlab xorijiy yetakchilar kabi sammitda ishtirok etishini kutmoqdamiz”, degan Berchinski.
Oq uy vakili Zelenskiy sammitda qaysi formatda qatnashishiga aniqlik kiritmagan bo‘lsada, 28 mart kuni sammit boshlanishidan oldin AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainadagi mojaroni muhokama qilishini ochiqlagan.
Robert Berchinskining aytishicha, uchrashuvga Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ham taklif etilgan. Ishtirokchilar qatoriga Bosniya va Gersegovina, Gambiya, Gonduras, Kot-d’Ivuar, Lixtenshteyn, Mavritaniya, Mozambik va Tanzaniya vakillari ham qo‘shilgan. Shuningdek, birinchi “Demokratiya sammiti”dagi kabi Tayvan ham qatnashchilar ro‘yxatida mavjud. Biroq Xitoy, Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa davlatlar sammitda ishtirok etmaydi.
“Demokratiya sammiti”ga taklifnoma olish AQSH hukumati ma’lum bir mamlakatda davlat boshqaruvi maqomi haqida hukm chiqarishini anglatmaydi. Taklif u yoki bu mamlakatda demokratiyaning barcha jabhalari mukammal ekanligini ko‘rsatmaydi, biroq bu Qo‘shma Shtatlar demokratik hukumatni takomillashtirish ustida ish olib borayotgan o‘z hamkorlari oldida majburiyat olganini, biz ular bilan ishlashni xohlayotganimizni ifoda etadi”, deydi Oq uy vakili.
Bu galgi sammitga AQSH bilan birga Zambiya, Kosta-Rika, Niderlandiya va Koreya Respublikasi mezbonlik qiladi. 29 mart kuni Prezident Bayden Zambiya, Kosta-Rika, Niderlandiya va Koreya Respublikasi rahbarlari bilan videokonferensiya orqali bir qator yalpi majlislar o‘tkazadi. 30 martda esa ushbu besh davlatning har biri poytaxtlarida boshqa davlatlarning nohukumat tashkilotlari vakillari bilan vazirlar darajasida yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazadi. Vashington ma’muriyati sammit chog‘ida erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi kurash, demokratik islohotchilar va inson huquqlari faollarini qo‘llab-quvvatlash, erkin va adolatli saylovlarni himoya qilish hamda texnologiyaning demokratik jamiyatlar manfaati uchun ishlashini ta’minlashga qaratilgan dasturlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qiladi.
Live
Barchasi