Zelenskiy bir yil ishlagan Bosh vazirni lavozimidan oldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir yil avval tayinlangan Bosh vazir Yuliya Sviridenkoni almashtirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu qaror amalda hukumatning iste’fosiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Zelenskiy kecha, 12 iyul kuni Sviridenko o‘rniga kimni bosh vazirlikka taklif qilishi yoki uning o‘zi qaysi lavozimga o‘tishini ochiqlamagan. Shu bilan birga, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari o‘rtasida ham o‘zgarishlar bo‘lishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar “yangilangan siyosiy strategiyani amalga oshirishni ta’minlash” uchun zarur, ammo bu strategiyaning mazmuni haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

“Yuliyaga Bosh vazir sifatidagi aniq, barqaror va samarali mehnati, Ukraina jamoasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun minnatdorlik bildiraman. Men unga asosiy hamkorlardan biri bilan munosabatlarning yangi va muhim yo‘nalishiga rahbarlik qilishni taklif qildim”, deb yozgan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

U, shuningdek, parlament deputatlari bilan birgalikda hukumat tarkibida tegishli o‘zgarishlarni amalga oshirishni kutayotganini bildirgan.

Zelenskiy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarini almashtirish sabablarini ham izohlamagang.

Ukraina qonunchiligiga muvofiq, Bosh vazirning iste’fosi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bu esa butun hukumatning iste’foga chiqishiga olib keladi. Parlament deputatlari ehtimoliy nomzodlar sifatida sobiq bosh vazir, hozirgi Energetika vaziri Denis Shmigal, Mudofaa vaziri Mixail Fedorov hamda davlatning “Naftogaz” kompaniyasi rahbari Sergey Koretskiy nomlarini tilga olmoqda.

Oppozitsiya deputati Yaroslav Jeleznyakning aytishicha, hozircha Sergey Koretskiy yangi Bosh vazirlikka eng kuchli nomzod hisoblanadi. Uning fikricha, Yuliya Sviridenko esa AQSHdagi Ukraina elchisi etib tayinlanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, iqtisodchi Yuliya Sviridenko 2025 yil iyul oyida Bosh vazir etib tayinlangan edi. Bundan avval u bir yil davomida Zelenskiy ma’muriyati rahbari o‘rinbosari, undan oldin esa to‘rt yil iqtisodiy rivojlanish va savdo bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyev shahar sudi Vladimir Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andrey Yermakni 140 million grivna (taxminan 3,1 million dollar) garov evaziga ozod qilish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Ukraina Milliy korrupsiya byurosi va Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi 11 may kuni Andrey Yermakni Kiyev yaqinidagi elita turar joy qurilishi orqali qariyb 10 million dollar pul yuvish jinoyatiga aloqadorlikda gumon qilayotganini ma’lum qilgandi. Keyinroq Andrey Yermak uchun talab miqdoridagi garov puli to‘liq to‘lanib, ozod qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing