Zelenskiy AQSHning harbiy yordami to‘xtatilishiga munosabat bildirdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHdan Ukrainaga ajratilayotgan harbiy yordamning taqdiri haqida rasmiy ma’lumot olish bo‘yicha mamlakatning turli idoralar rahbarlariga topshiriq berdi. Bu haqda u kecha, 4 mart kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi. 

“Men Ukraina Mudofaa vaziriga, razvedka rahbarlariga va diplomatlarimizga AQSHdagi hamkasblari bilan bog‘lanib, rasmiy ma’lumot olishni topshirdim. Odamlar taxmin qilishga majbur bo‘lmasligi kerak. Ukraina va Amerika o‘zaro hurmatga asoslangan aniq pozitsiyani bilishga loyiq, ayniqsa, to‘liq hajmdagi urush davom etayotgan bir paytda, gap inson hayotini himoya qilish haqida ketayotganida”, dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi haftalarda Ukraina turli xil signallar olgan, shuningdek, yordam to‘xtatilgan holatlar ham bo‘lgan.

“Energetika sohasidagi gumanitar yordam to‘xtatilgan edi. Yanvar oyining oxirida esa harbiy yordam ham to‘xtatilgan, lekin o‘shanda muammo tezda hal qilingan edi. Biz xavflarni oldindan ko‘rganmiz. Shu sababli harbiy va maxsus xizmatlarimiz har qanday vaziyatga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ishlab chiqdi. Hozir 2022 yil emas. Endi bizning barqarorligimiz ancha yuqori. Bizda himoya vositalari bor. Ammo biz uchun Amerika bilan oddiy, sheriklik munosabatlari urushni haqiqatda tugatish yo‘lida muhim ahamiyatga ega. Hech birimiz cheksiz urushni istamaymiz”, dedi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy Ukraina doimo Amerikaning ko‘rsatgan yordami uchun minnatdor ekanini va bu yordam allaqachon Yevropada xavfsizlikning zaif asoslarini saqlab qolishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlagan.

“Bu faqat bizning mamlakatimiz haqida emas. Bu butun Yevropa haqida. Biz konstruktiv hamkorlik, sheriklik munosabatlariga intilamiz. Oq uyda bo‘lib o‘tgan voqealar o‘rniga bizning muzokaralarimiz bo‘lishi kerak edi, bunday holatga faqat afsus qilish mumkin. Lekin, oldinga intilish uchun kuch topish kerak, bir-birimizni hurmat qilish zarur, xuddi biz har doim Amerika, Yevropa va barcha hamkorlarni hurmat qilganimiz kabi. Va birgalikda harakat qilib, tinchlikka erishish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Ukrainani bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, dedi Zelenskiy.
 

Qayd etish joiz, o‘tgan kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Zelenskiy bilan mojarodan bir necha kun o‘tib, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish haqida buyruq berganini e’lon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Zelenskiy Vashingtonga borib, Tramp bilan Rossiya bilan sulh va foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqchi edi. AQSH Prezidenti uni Oq uy ostonasida “bugun ajoyib kiyinibsiz”, deya hazil bilan kutib oldi.

Muzokaralardan oldin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tramp, Zelenskiy va Vens o‘rtasida keskin bahs yuzaga keldi. Tramp Ukrainani “Uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashayotganlikda” aybladi.

Keyinchalik, muzokaralar va ularning natijasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bekor qilindi, Ukraina delegatsiyasi Zelenskiy bilan birga Oq uyni muddatidan avval tark etdi.

Keyinroq Zelenskiy bayonot berdi, Oq uy esa Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qildi.

G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp administratsiyasi Ukrainadan ochiq uzr so‘rashni kutayotganini norasmiy tarzda bildirgan.

Shu bilan birga, Tramp yana bir bor Zelenskiyni tanqid qilib, ijtimoiy tarmoqlarda post e’lon qildi. AQSH Prezidenti o‘z postida “Zelenskiy tinchlik istamaydi, u faqat Amerika yordamidan foydalanmoqda”, deya yozdi.

Hozircha yevropalik yetakchilarning aksariyati AQSHning Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish qarorini izohlashdan o‘zini tiygan, faqat Polsha va Chexiya Bosh vazirlari bu masalada o‘z pozitsiyalarini aniq ifodaladi.

Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal esa AQSH yordamining to‘xtatilmaganini ta’kidlamoqda.

Keyinroq, Tramp bilan mojarodan so‘ng, Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida post e’lon qilib, Ukraina nodir yer metallari bo‘yicha kelishuvga tayyorligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Vladimir Zelenskiy harbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing