Zelenskiy AQSH vakillariga ishonmasligini aytdi
Olam
−
08:58 1842 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga Jenevada Rossiya bilan muzokaralar boshlanishidan oldin AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Jared Kushner Rossiya haqiqatan ham janglarni tugatishni istayotganini aytgan. Bu haqda Zelenskiy “Axios” nashriga bergan intervyusida so‘z ochgan.
Uitkoff va Kushner Zelenskiyga shu ma’lumotdan kelib chiqib, uch tomonlama uchrashuvda Ukraina delegatsiyasi faoliyatini muvofiqlashtirishni tavsiya qilgan. Biroq, Zelenskiy bu masalada ancha pessimistik kayfiyatda ekanini aytgan va ulardan uni bu fikrga ishontirishga urinmaslikni so‘ragan.
Zelenskiy, shuningdek, Donald Trampning Ukraina muayyan yon berishlarga borishi kerakligi haqidagi so‘zlariga ham izoh bergan. U: “Bu qaror emas, balki muzokara taktikasi bo‘lishiga umid qilaman”, degan.
Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, Donbassdan bir tomonlama qo‘shin chiqarish yoki hududlarni Rossiyaga berishni nazarda tutuvchi tinchlik kelishuvi ukrainaliklar tomonidan qabul qilinmaydi. Uning fikricha, bunday qarorni xalq kechirmaydi. Shu bilan birga, agar kelishuvda mavjud front chizig‘ida qolish nazarda tutilsa, bunday hujjat referendumda qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
Zelenskiy hududiy masalalarda yutuqqa erishishning eng yaxshi yo‘li – Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazish, deb hisoblaydi. U jamoasiga kelgusida Jenevada yetakchilar darajasida uchrashuv tashkil etish topshirig‘i berganini ma’lum qilgan.
Putin avvalroq Zelenskiyni Moskvaga taklif qilgan, bu iltimosni Tramp bildirganini aytgan edi. Zelenskiy esa Moskva yoki Minskda uchrashish imkoniyatini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, Jenevadagi muzokaralarning birinchi kuni olti soat davom etgan va 18 fevral kuni davom ettirilishi rejalashtirilgandi. Manbalarga ko‘ra, uchrashuvlar juda keskin ruhda o‘tgan va ikki tomonlama hamda uch tomonlama formatlarda tashkil etilgan.
Live
Barchasi