Zelenskiy hujum boshlanishi kutilayotgan 16 fevralda bayram qilmoqchi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z xalqiga murojaatida 16 fevral davlat bayrami — Ukraina Birligi kuni bo‘lishini ma’lum qildi.   

“Bizga aytilishicha, 16 fevral hujum kuni bo‘ladi. Biz uni Birlik kuni qilamiz. Tegishli farmon allaqachon imzolangan. Shu kuni biz davlat bayroqlarini ilib, ko‘k va sariq lentalarni taqib, birdamligimizni butun dunyoga ko‘rsatamiz”, degan Zelenskiy. 

Uning ta’kidlashicha, hozir Ukraina davlati “har qachongidan ham kuchli” va har qanday tahdidlarga dosh berishga tayyor. 

Zelenskiy, shuningdek, hukumatga 24 soat ichida “Ukraina jamiyatini birlashtirish” rejasini tayyorlashni topshirganini aytgan. Unga harbiy xizmatchilarning maoshlarini oshirish va odamlarni “xavfsizlik holatining haqiqiy holati to‘g‘risida” xabardor qilish uchun axborot platformasini yaratish ham kiradi. 

Ma’lumot o‘rnida, bir qator manbalar 16 fevral kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlashi mumkinligini yozgan. AQSH Prezidenti Jo Bayden NATO davlatlari vakillari bilan suhbatda bu raqamni bosqin boshlanishining kutilayotgan sanasi deb atagan. Rasmiy ravishda Oq uy bu ma’lumotni tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortgan. 

Qayd etish kerakki, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan. 

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

311

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing