O‘zbekiston – Tojikiston chegarasida yana bir NO‘P ochiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston – Tojikiston chegarasida tez orada Tojikistonning G‘issor tumanini Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog‘ qishlog‘i bilan bog‘lovchi yangi nazorat o‘tish punkti faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Bu haqda O‘zA yozmoqda

Tojikiston parlamentining quyi palatasi 20 fevral kuni hukumatlararo Shartnomaga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi protokolni tasdiqladi, unga ko‘ra yangi NO‘P faoliyat yurita boshlaydi.

Tojikiston MXDQ raisining o‘rinbosari va Tojikiston Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Rajabali Rahmonali yangi NO‘P ochilishi borasidagi protokolni parlament deputatlariga taqdim qilarkan, G‘issor-Bobotog‘ o‘tish punkti mahalliy aholiga borish-kelishni yengillashtirish va chegara oldi savdosi rivojiga hissa qo‘shish bilan bir qatorda Tojikiston –O‘zbekiston chegarasidagi boshqa NO‘Plardagi navbat kutishlarni qisqartirishini ta’kidladi.

Rajabali Rahmonali parlament deputatlari tomonidan protokol tasdiqlanganidan keyin yangi NO‘P xalqaro maqomga ega bo‘lmasligini, undan faqat Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari, ularga tegishli transport vositalarigina o‘tishini aytdi. Xorijlik fuqarolar chegaradagi 9 ta xalqaro o‘tish punktlaridan foydalanishlari mumkin, deya ta’kidladi chegara xizmati qo‘mondoni.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida yangi nazorat-o‘tish punktlarini ochish masalasi o‘tgan yilning 17-18 avgust kunlari Tojikiston prezidenti Imomoli Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida muhokama qilingan edi. Rahmonning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlanishi bilanoq ikki mamlakat chegara muassasalari yangi NO‘Plar ochilishi bilan bog‘liq masalani o‘rganishga kirishdilar.

Ma’lumot o‘rnida,  2018 yilning mart oyidan beri, Tojikiston va O‘zbekiston vizalarni bekor qilishga kelishib olganidan so‘ng, tojik-o‘zbek chegarasidan 1 million 384 ming kishi o‘tgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Tojikiston Chegara

Baholaganlar

207

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing