O‘zbekiston saylov qonunchiligida keskin o‘zgarishlar kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha, 15 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qildilar. 

Ko‘pchilikka ma’lum, joriy O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – Parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Hozirda mamlakatimiz saylov qonunchiligi 5 ta qonun bilan tartibga solinadi. Bu esa, huquqni qo‘llashda bir qator murakkabliklar tug‘diradi. Bundan tashqari, saylov jarayoni va uni o‘tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarining ko‘pchiligi qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari bilan tartibga solinadi.

Shulardan kelib chiqib tayyorlangan Saylov kodeksi loyihasini yaratish jarayonida 20 dan ortiq xorijiy mamlakatning ushbu sohadagi amaliy tajribasi puxta o‘rganilgan. Kodeks loyihasining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish maqsadida 2018 yil 19 iyulda Oliy Majlis palatalari tomonidan Markaziy Saylov komissiyasi bilan birgalikda Amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) tasdiqlangan. Unga muvofiq, loyiha jamoatchilik, ekspertlar, ilmiy doiralar,  amaliyotchilar, mutaxassislar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o‘tkazilgan. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qo‘mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning xulosa va fikrlari olingan. 2018 yil 16-17 noyabr kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada olingan takliflar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilingan. 

Loyiha bilan O‘zbekistonning Saylov kodeksini tasdiqlash taklif etilmoqda. Amaldagi 5 ta qonunda ifodalangan normalarni mujassamlashtirishni nazarda tutadigan ushbu kodeks loyihasi bilan bir qator yangi qoidalar ham o‘rnatilmoqda. Jumladan:


•    qonunchilik palatasida deputatlik o‘rinlari uchun Ekologik harakat vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlanmoqda;
•    fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq depututlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod ko‘rsatish tartibi bekor qilinmoqda; 
•    saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi qonun bilan tartibga solinadi; 
•    muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanadi; 
•    saylovlarni o‘tkazish yoki tashkil etishning boshqa masalalari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi kiritiladi; 
•    siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkinligi belgilanmoqda;
•    ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan birini qo‘yish imkoni beriladi;
•    ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar) aniq ko‘rsatilmoqda; 
•    qonunchilik palatasiga, mahalliy Kengashlarga saylov bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda yagona saylov uchastkalarini tuzish nazarda tutilmoqda; 
•    ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash taribi to‘g‘risidagi nizomni bekor qilib, bu masalani qonun darajasida belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlanmoqda. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilanmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 dan 5 kishigacha ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, Saylov kodeksining qabul qilinishi huquqni qo‘llashda bir qator qulayliklar yaratadi, saylov jarayoni va uni o‘tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarini to‘la qonuniylik, demokratik va shaffof o‘tkazishda muhim huquqiy asos vazifasini bajaradi.

Bahs-munozara, qizg‘in muhokamalardan so‘ng mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Saylov Saylov qonunchiligi

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing