O‘zbekiston Ombudsmani Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansiga a’zo bo‘ladi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) salohiyatini baholash to‘g‘risida”gi yakuniy hisobotning taqdimotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2018 yil 4 maydagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Ombudsman tomonidan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansiga a’zo bo‘lish va BMTning Parij tamoyillariga muvofiq holda akkreditatsiyadan o‘tish uchun choralar ko‘rilmoqda.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyevning qayd etishicha, 2018 yil 25 sentyabr - 4 oktyabr kunlari Ombudsmanning salohiyatini baholash maqsadida Osiyo-Tinch okeani forumi, Global alyans, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va BMT Taraqqiyot dasturi vakillaridan iborat mustaqil xalqaro ekspertlar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bunday baholash jarayoni Markaziy Osiyoda birinchi marta O‘zbekistonda o‘tkazildi.

Tadqiqot davomida Ombudsman kotibiyati xodimlari va Mintaqaviy vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Bosh prokuratura, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Advokatlar palatasi vakillari bilan jamoaviy hamda individual intervyu va so‘rovlar o‘tkazildi. Bunday so‘rovlar respublikaning barcha viloyatlari vakillari ishtirokida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida mintaqaviy miqyosda tashkil etildi.

O‘rganish davomida hamkorlik darajasini aniqlash, Ombudsman tavsiyalarini qabul qilish darajasi va inson huquqlarini himoya qilishda uning rolini mustahkamlash bo‘yicha takliflarni to‘plash uchun davlat va jamoat tashkilotlarining 100 dan ortiq xodimlari so‘rovga jalb etildi. 

Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ekspertlar guruhi “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining salohiyatini baholash to‘g‘risida”gi yakuniy hisobotini taqdim etdi.

Unda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan: O‘zbekistonda demokratik jarayonlar jadal rivojlanishi uchun yangi siyosiy muhit shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining aholi uchun ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishdagi o‘rni hamda mahkumlarni afv etish bilan bog‘liq qarorlarning samaradorligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ekspertlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining rivojlanishini qulay siyosiy muhitning ta’siri bilan bog‘lashgan. 

Xususan, Ombudsman faoliyati BMTning Parij va Belgrad tamoyillariga mos bo‘lgan mustahkam huquqiy asosga ega. 

2017 yilda qabul qilingan Ombudsman faoliyatiga oid qonun inson huquqlarini samarali himoya qilish uchun keng va ishonchli vakolatlarni taqdim etdi. 

Ekspertlar parlament bilan hamkorlik hukumat bilan – idoralararo komissiyalar doirasida, fuqarolik jamiyati bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish doirasida samarali kechganini e’tirof etgan.

Vakilning jazoni ijro etish muassasalariga, qamoqda saqlash joylariga va maxsus qabulxonalarga moneliksiz kirish huquqidan faol foydalanayotgani e’tiborga loyiq.

Monitoring guruhlariga jamoatchilik tashkilotlari vakillarining jalb etilishi, jumladan, “Human Rights Watch” xalqaro nodavlat tashkiloti va BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning ishtiroki ijobiy baholangan. 

Tadbirda Yangi Zelandiya poytaxti Vellington shahrida turib onlayn ishtirok etgan Osiyo-Tinch okeani forumining salohiyatni baholash uslubiyoti bo‘yicha vakili Roslin Nunan Ombudsman inson huquqlarini ta’minlpshda muhim institut ekanini ta’kidladi.

R.Nunan O‘zbekistonda bo‘lib, Ombudsman faoliyati, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash tizimi kuchayayotganini e’tirof etdi.

Shu bilan birga, ayrim e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlar ham bor. Masalan, Ombudsmanni moliyaviy ta’minlash yetarli darajada emas. Shart-sharoitlarni yaxshilash kerak. Ombudsmanning mintaqaviy vakillari ko‘ngilli asosda faoliyat yuritmoqda. Demak, ularning bevosita bajarishi kerak bo‘lgan boshqa vazifalari bor. Bu esa ularning inson huquqlarini ta’minlashga oid to‘laqonli faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiladi.

R.Nunan xonim tizimda gender tengligi ta’minlanmaganini alohida qayd etdi.

Ushbu fikrlarga javoban Ombudsman U.Muhammadiyev ayni paytda tizim faoliyatiga oid o‘zgarishlar bo‘layotgani, sharoit yaxshilanayotgani, gender tengligini ta’minlash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. 

Ombudsman tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi, BMTning Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo-Tinch okeani forumi hamda “Harakatlar strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ekspertlar tomonidan bildirilgan takliflarni amalda ta’minlash, Ombudsman institutini yanada mustahkamlash bo‘yicha mulohazalar bildirildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Ombudsman

Baholaganlar

20

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing