Zarqaynardagi uylar buzilmaydi. Mahalla UNESCO ro‘yxatiga kiritildi

Jamiyat

image

Toshkent mahallalari UNESCO Butunjahon madaniy merosining Dastlabki ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari – Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi. 

“Eski shahar mahallalari madaniy qatlamlarini saqlab qolish bo‘yicha dastlabki qadamlar 2019 yilda, Venetsiya arxitektura Biyennalesida taqdim etilgan "Mahalla: shahar va qishloq hayoti" loyihasi ishlab chiqilganda amalga oshirilgan edi. Mahallalarimiz xalqaro ekspertlar tomonidan eko-arxitekturani tiklash, zamonaviy shaharlarni ommaviy urbanizatsiyadan asrash, shuningdek, ijtimoiy qadriyatlar va jamoaviylikni saqlab qolish usuli sifatida e’tirof etildi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi UNESCO bilan hamkorlikda yetakchi olim, mutaxassis, arxitektor va tadqiqotchilarni birlashtirdi. Oldimizdan oqqan suvni, ya’ni mahallaning tarixiy qadr-qimmatini, milliy madaniy o‘ziga xosligini anglay boshlaganimizdan juda xursandman”, deydi Saida Mirziyoyeva. 

Uning urg‘ulashicha, ro‘yxatga kiritilgan ushbu hududda hech qanday investitsiya qurilish loyihalarini amalga oshirishga ruxsat bo‘lmaydi.

“Toshkentning yuragi bo‘lgan qadimiy Zarqaynar ko‘chasi taqdiriga samimiy qayg‘urayotgan barchaga – jamoatchilik vakillari, faollar, jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildiramoqchiman. Shuningdek, mahallani asrab qolish loyihasini qo‘llab-quvvatlagani va uni Butunjahon tabiiy va madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgani uchun UNESCO tashkilotiga minnatdorchilik bildiramiz”, deydi Prezidentning qizi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 yanvar kuni “O‘zbekiston 24” telekanalida Toshkentning Eski shahar qismidagi Zarqaynar ko‘chasi hudud ruhini saqlagan holda turistik markazga aylantirilishi haqida xabar berilgan edi. Hatto, ushbu loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham taqdim etilgandi. Mazkur loyiha ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Zarqaynar

Baholaganlar

304

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing