Zarbdorga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
17 yanvar
9566Bugun, 17 yanvar kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Bekzod Turg‘unovich Toshpo‘latov Zarbdor tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligining axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiyada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etgan. U Zarbdor tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Turg‘unovich Toshpo‘latovni tanishtirgan.
Viloyat hokimining Bekzod Toshpo‘latovni Zarbdor tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Bekzod Toshpo‘latov 1983 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2004 yilda Toshkent soliq kollejini, 2008 yilda Soliq akademiyasini soliqlar va soliqqa tortish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Toshpo‘latov soliq xizmati organlaridagi mehnat faoliyatini 2008 yilda Toshkent viloyati Bo‘ka tumani davlat soliq inspeksiyasi xavfsizlik va soliq organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor xodimi lavozimidan boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 28 dekabr kunida Zarbdor tumani hokimi Zafar Sharopovich Ruziyev viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.
LiveBarchasi