“Zarbalarim endi ta’sir qilyapti”. Chagayev Valuyevni jangga chorladi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, rossiyalik sportchi, og‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev Rossiya 30 yildan buyon sobiq sovet respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat” qo‘llagani, endi ularga qattiq choralar ko‘rish zarurligini aytib chiqqandi. Uning tahdidlariga javoban o‘zbekistonlik professional sobiq bokschi Ruslan Chagayev javob qaytardi.

“Menga ko‘pchilik video yubormoqda. Unda Nikolay Valuyev O‘rta Osiyo haqida turli gaplar aytgani aks etgan. Fikrimcha, bu videolar sun’iy intellekt orqali tayyorlangan. Agar shunday bo‘lmasa, uning bu so‘zlari uchun o‘zbek xalqidan uzr so‘rayman. O‘sha vaqtdagi zarbalarim endi ta’sir qilayotgan bo‘lsa kerak. Albatta, buni hazil tariqasida aytyapman. Chunki, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi aloqalar barqaror va ijobiy rivojlanmoqda”, degan sportchi.

Chagayevning qo‘shimcha qilishicha, agar Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, sportchi bunga tayyor.

“Afsuski, Valuyevga o‘xshagan ayrim shaxslar turli chiqishlari bilan shu munosabatlarga soya solishga urinayotgandek. Bunday gap-so‘zlarga ortiqcha ahamiyat bermaslik kerak. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, men tayyorman. Bu safar, jangdan keyin u butun O‘rta Osiyoni shunaqa yaxshi ko‘rib qoladi va unaqa bemaza gaplarni hech qachon gapirmaydi”, degan Chagayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.

Qolaversa, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.

Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.

Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi bu divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekistonda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, uning gaplarini “safsata” o‘zini esa “nusxa” deb atagandi.

“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, degan Bekmurodov


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Nikolay Valuev Ruslan Chagaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing