Zarafshon daryosining suvi kamayib bormoqda 

Jamiyat

image

Samarqand viloyatida xo‘jaligi uchun asosiy suv manbai bo‘lgan Zarafshon daryosidan kelayotgan suv hajmi yil sayin kamayib bormoqda. Bu haqda bugun, 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, daryodagi suv hajmi kamayib ketgani uchun yer osti suvlaridan foydalanish darajasi 2 barobar oshgan. Shu bois, keyingi yil kamida 30 ming gektarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Endi viloyatdagi fermerlar uchun tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qilishga beriladigan kredit foizi 14 dan 10 foizga tushiriladi, paxta maydonlarining har bir gektari uchun 12 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Viloyatda suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Suv solig‘i tushumi to‘liq tuman suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkazilib, faqat ariq va kanallarni betonlashga sarflanadi. Buning natijasida har yili 1 ming kilometr tuproq kanal va ariqlar beton qoplamaga o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, sessiya bo‘lib o‘tgan Urgut tumanining 112 ming gektar maydoni bor, shundan 12 ming gektari sug‘oriladigan, 40 ming gektari yaylov va 22 ming gektari tog‘ hududlarini tashkil qiladi. Bu yildan 2 ming gektar g‘alla yerlari, 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavot ekishga o‘tkazilmoqda. Yangi qo‘shilayotgan 5,5 ming gektarda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, g‘alla va tamakidan bo‘shagan yerlarning 3 ming gektarida oq kishmish ekilib, mayiz qilinsa, tumanda qo‘shimcha 80 million dollarlik eksport bo‘ladi. Shuningdek, Urgut tumanidagi 500 gektar tog‘-oldi va yaylovda sanoatlashgan uzumzor tashkil etib, 10 gektardan aholiga bo‘lib berish tashabbusi bildirilgan. Ishtixon tumanida ham kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda bunday uzumzorlar tashkil qilinadi.

Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida 50 ta artizan qudug‘i qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli o‘rnatish xarajatlari uchun 30 milliard so‘m arzon resurs beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Zarafshon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing