Zaporojega qilingan hujumda 10 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 8 yanvar kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Zaporoje shahriga havo bombalari bilan hujum qildi, kamida 13 kishi halok bo‘ldi va 63 kishi yaralandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Rossiya zarba haqidagi xabarlarga izoh bermadi. Hujum mahalliy vaqt bilan kunduzi soat to‘rtlarda uyushtirilgan.

Yo‘lovchilar bo‘lgan tramvay va mikroavtobuslar bo‘laklarga bo‘lingan. Yaqin atrofda to‘xtab turgan mashinalarga ham zarar yetgan. Viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Ivan Fedorovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasi shahar markaziga ikkita boshqariladigan bomba bilan hujum qilgan. Ukraina Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, zarbalar universal rejalashtirish va tuzatish moduliga ega FAB-500 aviabombalari yordamida amalga oshirilgan.

Hukumatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, yana 63 kishi yaralangan. Qutqaruv ishlari yakunlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yaralanganlar orasida bir bola – 13 yoshli qiz ham bor. U kasalxonada, shifokorlar uning ahvolini o‘rtacha og‘ir deb baholamoqda.

Viloyat harbiy boshqarmasi rahbari Rossiya bombalari aynan qayerga tushganiga aniqlik kiritmadi, biroq Zaporojening Shevchenkovskiy tumani bombalanganini aytdi.

Ushbu hududda, boshqa ob’ektlar qatorida, Ukrainaning yetakchi mudofaa korxonalaridan biri – vertolyotlar va samolyotlar uchun dvigatellar ishlab chiqaradigan “Motor Sich” kompaniyasi joylashgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, shuningdek, Rossiyaga bosim o‘tkazishni talab qildi.

“Shaharga havo bombalaridan ko‘ra shafqatsizroq narsa yo‘q, bu holat oddiy fuqarolar jabr ko‘rishini anglagan holda qilingan. Bunday urushni faqat kuch bilan, ishonchli tinchlik o‘rnatish bilan tugatish mumkin”, dedi Ukraina rahbari.

Ukraina Ombudsmani Dmitriy Lubinets ham hujumga javob berdi. U o‘qqa tutilishini harbiy jinoyat deb atadi va xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga va Ukrainaga mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 11 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukrainaning qator hududlariga, xususan, Zaporoje va Nikolayevga havo zarbalari bergandi. Rossiyaning Zaporojega tungi hujumlari oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi, yana 21 kishi jarohatlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya bomba Zaporoj'e “Motor Sich” kompaniyasi Shevchenkovskiy tumani FAB-500 aviabombalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing