Zangiota shunchaki kelib, test topshirib ketadigan joy emas – muassasa “zamdirektori”
Jamiyat
−
26 iyun 2022
28163Hozirda 4000 o‘ringa mo‘ljallangan Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qo‘yilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olyapti. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Oxirgi haftani inobatga olsak, yurtimizda kasallanishlar soni biroz ortganini ko‘rish mumkin. Ayni paytda muassasamizga kuniga o‘rtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizatsiya qilinyapti”, yeydi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallanishlar soni oshgan bo‘lsa-da, bugun shifoxonaga yotqizilayotgan aksariyat bemorlarda o‘pka zararlanishi, saturatsiyaning pasayishi kabi jiddiy asoratlar kuzatilayotgani yo‘q.
“O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslasak, bemorlar soni juda past. Ayni paytda muassasamizga murojaat qilayotgan va gospitalizatsiyaga ko‘rsatma bo‘lgan bemorlarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Markazimiz yetarli darajada tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlangan”, deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimova.
Shuningdek, Hilola Alimova bemorlardan kasallik alomatlarini sezganda koronavirusga test topshirish uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, o‘z yashash hududidagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga murojaat qilishni so‘ragan.
“Shu o‘rinda bemorlardan iltimos qilib so‘rardimki, agar o‘zingizda kasallik alomatlarini sezsangiz, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga hamda Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman bo‘limlariga murojat qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Sababi shifoxonamiz koronavirusga test topshiradigan yoki tana haroratini o‘lchaydigan muassasa emas. Balki COVID-19ga chalingan va xastalik og‘ir hamda o‘ta og‘ir kechayotgan bemorlar davolanishi uchun mo‘ljallangan shifo maskanidir.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan o‘zi va yaqinlari salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lib, kasallikka qarshi o‘z vaqtida to‘liq dozalarda emlanishlarini so‘raymiz”, deydi direktor o‘rinbosari.
LiveBarchasi